Qishloq xo‘jaligiga yangi yengillik: dizel uchun subsidiya beriladi

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yana bir muhim qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, ayrim agro-korxonalarga dizel yoqilg‘isi xarajatlarini qisman qoplash uchun subsidiya ajratiladi. Bu haqda Huquqiy axborot Telegram kanali orqali ma’lum qilindi.
Hujjatga asosan, 2026 yil 1 apreldan 1 iyulgacha bo‘lgan davrda qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja savdolari orqali xarid qilingan har bir tonna dizel yoqilg‘isi qiymatining 13 million so‘mdan oshgan qismi uchun subsidiya beriladi. Bunda ajratiladigan mablag‘ miqdori 2 million so‘mdan ortiq bo‘lmasligi belgilangan.
Mazkur moliyaviy ko‘mak respublika byudjeti hisobidan Agrar sohada to‘lovlar agentligi orqali taqdim etiladi. Ushbu mexanizm fermer va agro-korxonalar uchun yoqilg‘i xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, farmonga muvofiq, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining ayrim subsidiya ajratish vakolatlari mazkur agentlikka o‘tkaziladi.
Yangi tartibga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi subyektlariga o‘z mablag‘lari va tijorat banklari kreditlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosini birjada sotishda rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-faktura qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya beriladi.
Bundan tashqari, paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega korxonalar tomonidan o‘z mablag‘lari evaziga xarid qilingan paxta xomashyosining bir qismini qoplash mexanizmi ham endilikda agentlik vakolatiga o‘tkaziladi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu yangiliklar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash, ularning xarajatlarini kamaytirish va sohada samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!