O‘zbekistonning 24 universiteti dunyoning eng nufuzli universitetlari reytingiga kirdi

O‘zbekistonning 24 universiteti dunyoning eng nufuzli universitetlari reytingiga kirdi

O‘zbekistonning oliy ta’lim tizimi xalqaro maydonda yana bir muhim yutuqqa erishdi. Times Higher Education (THE) xalqaro reyting agentligi 24 iyun kuni Indoneziyada bo‘lib o‘tgan ta’lim sohasiga bag‘ishlangan kongress doirasida THE Sustainability Impact Ratings 2026 natijalarini e’lon qildi.

Mazkur reyting dunyo oliy ta’lim muassasalarining BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga qo‘shayotgan hissasini ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, institutsional boshqaruv, ijtimoiy mas’uliyat, ekologik barqarorlik va xalqaro hamkorlik kabi muhim mezonlar asosida baholaydi.

2026 yilgi natijalarga ko‘ra, reytingdan O‘zbekistonning jami 50 ta oliy ta’lim muassasasi o‘rin oldi. Ularning 24 tasi dunyoning top-1000 talik universitetlari qatoriga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu mamlakat oliy ta’lim tizimining xalqaro maydondagi raqobatbardoshligi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Eng yuqori natijani Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qayd etib, 101–200-o‘rinlar guruhidan joy oldi.

Shuningdek, O‘zbekiston Milliy universiteti va “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti 201–300-o‘rinlar, Buxoro davlat universiteti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Termiz iqtisodiyot va servis universiteti esa 301–400-o‘rinlar oralig‘ida qayd etildi.

O‘zbekiston universitetlari barqaror rivojlanishning alohida yo‘nalishlari bo‘yicha ham yuqori ko‘rsatkichlarga erishdi. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti "Gender tengligi" yo‘nalishida dunyoda 8-o‘rinni egalladi. Toshkent davlat texnika universiteti "Arzon va toza energiya" yo‘nalishida 5-o‘rin, Farg‘ona politexnika instituti esa 6-o‘rinni qayd etdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti "Gender tengligi" bo‘yicha 20-o‘rin, Termiz davlat universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti "Arzon va toza energiya" yo‘nalishida mos ravishda 36 va 48-o‘rinlarni egalladi. Toshkent davlat tibbiyot universiteti hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti esa "Sog‘liq va farovonlik" yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 100 ta universiteti qatoriga kirdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur reytingda ishtirok etayotgan O‘zbekiston universitetlari soni yil sayin oshib bormoqda. Agar 2021 yilda reytingdan atigi 12 ta oliy ta’lim muassasasi o‘rin olgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 30 taga, 2023 yilda 47 taga, 2024 yilda 53 taga, 2025 yilda esa 59 taga yetgan. 2026 yilda reytingga mamlakatning 50 ta oliy ta’lim muassasasi kiritildi va ularning 24 tasi top-1000 talikdan munosib o‘rin egalladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar