01:10 / 31.05.2023
181

Osiyo chempionlari Yevropa vitse-chempioniga qarshi. O‘zbekiston Isroil to‘sig‘idan o‘ta oladimi?

Foto: Getty Images

Bugun, ceshanbadan chorshanbaga o‘tar kechasi soat 02:00da o‘zbekistonlik futbol muxlislarining nigohi yana Argentinaga qaratiladi. JCh-2023ga Osiyo chempioni sifatida qatnashayotgan O‘zbekiston yoshlar jamoasi 1/8 finalda Yevropa vitse-chempioni sanalmish Isroilga qarshi saf tortadi. Jahon chempionatining Indoneziyadan Argentinaga ko‘chirilishiga sabab bo‘lgan bu jamoa Osiyoda ham 6 karra tengsiz sanaladi.

JCh-2023ga kim qanday yetib keldi?

O‘zbekiston U20 jamoasi mart oyida mamlakatimizda o‘tgan Osiyo kubogi U20 turniri chorakfinalida Avstraliyani penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga (1:1, 5:4) uchratib, JCh-2023 yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. Yarimfinalda Janubiy Koreya ham penaltilar seriyasida (3:1) to‘xtatilgan bo‘lsa, finalda Umarali Rahmonaliyevning Iroq darvozasiga penaltidan yo‘llagan goli Ravshan Haydarov jamoasiga Osiyo chempionligini keltirgan.

Isroil U20 jamoasi esa turli siyosiy sabablarga ko‘ra Osiyodan Yevropa futbol ittifoqiga ko‘chib o‘tishidan avval, 6 karra (1964, 1965, 1966, 1967, 1971, 1972 yillar) Osiyo chempioniga aylangan. Shunga qaramay, Isroil yoshlar jamoasi o‘z tarixida ilk marta jahon chempionatida qatnashmoqda. Yaqin sharqliklar 2022 yilgi Yevropa chempionatida sensatsion tarzda finalgacha yetib borib, bosh sovrin uchun kurashda qo‘shimcha bo‘limlarda Angliya U20 jamoasiga mag‘lub (1:3) bo‘ldi va JCh-2023ga ko‘hna qit’aning vitse-chempioni sifatida ishtirok etmoqda.

Qayd etish joiz, JCh-2023 oldidan Isroil beixtiyor mojaroga sabab bo‘ldi. Turnirni qabul qilishi belgilangan Indoneziyada Isroil U20 jamoasining mamlakatga kiritilishiga qarshi namoyishlar boshlanib ketgach (Indoneziya Isroilni davlat sifatida tan olmagan, Falastinni tan olgan), FIFA aprel oyida JCh-2023ni Argentinaga ko‘chirishga qaror qilgandi.

O‘yin oldidan: kim qanday holatda?

Ravshan Haydarov shogirdlari kichik mundialning 1-turida mezbon Argentinaga alamli tarzda mag‘lubiyatga (1:2) uchragan bo‘lsa, 2-turda Yangi Zelandiyaga qarshi bahsda so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib (2:2), guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab qoldi. So‘nggi turda Shahzodbek Ne’matjonovning dubli evaziga Gvatemala ustidan ishonchli g‘alabaga erishgan vakillarimiz 2-o‘rin bilan 1/8 finalga yo‘llanma olishdi. Ammo shu kuni turnirdagi 2-sariq kartochkasini olgan jamoamiz sardori Umarali Rahmonaliyev pley-off o‘yinida vakillarimizga yordam bera olmaydi. Yana bir jihati o‘tgan uch o‘yinini Santyago del Estero shahrida o‘tkazgan Haydarov shogirdlari pley-off bahsini Mendoza shahrida o‘tkazishadi.

Turnirdagi debyutini «C» guruhida Kolumbiyaga qarshi boshlagan Ofir Haim murabbiyligidagi jamoa so‘nggi daqiqalardagi gol sababli 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ikkinchi o‘yinda esa Isroil Senegalni yutolmadi – 1:1. Uchinchi turda esa Yaponiyaga qarshi saf tortgan yaqin sharqliklar kunchiqar yurt vakillaridan ustun kelib, Osiyo vakilini turnirdan chiqarib yubordi – 1:2. Bu esa ularga 2-o‘rin bilan 1/8 final yo‘llanmasini keltirdi.

O‘zbekiston U20ning JCh-2023dagi o‘yinlari:

1-tur. Argentina – O‘zbekiston – 2:1

2-tur. O‘zbekiston – Yangi Zelandiya – 2:2

3-tur. O‘zbekiston – Gvatemala – 2:0 

Isroil U20ning JCh-2023dagi o‘yinlari:

1-tur. Isroil – Kolumbiya – 1:2

2-tur. Isroil – Senegal – 1:1

3-tur. Isroil – Yaponiya – 2:1 

Tarkiblar bahosi: Isroil 10-o‘rinda, O‘zbekiston 15-pog‘onada

Transfermarkt portaliga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlar jamoasi umumiy tarkibi bahosiga ko‘ra, Isroil jamoasidan pastroq o‘rinda. JCh-2023dagi ishtirokini davom ettirayotgan 16 jamoa orasida Isroil umumiy 3,26 million yevro narx bilan 10-o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, O‘zbekiston 2,15 million yevro narx bilan 15-o‘rindan joy olgan. 1/8 finaldagi jamoalar orasida Ravshan Haydarov shogirdlari transfer bahosi bo‘yicha faqatgina Gambiyadan qimmatroq, qolgan 14 jamoadan esa ortda. Qimmatbaho o‘yinchilari bo‘yicha ham Isroil tarkibidagi futbolchilar narxi balandroq. Jamoa asosini mahalliy chempionatda to‘p suradigan o‘yinchilar tashkil etadi.

O‘zbekiston U20 jamoasining eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Umarali Rahmonaliyev – 350 ming yevro (o‘ynamaydi)

2. Abbosbek Fayzullayev – 300 ming yevro

3. Abduqodir Husanov – 300 ming yevro 

Isroil U20 jamoasining eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Stav Lemkin – 500 ming yevro

2. El Yam Kansepolski – 500 ming yevro

3. Or Israelov – 300 ming yevro. 

JCh-2023 U20. 1/8 final
31 may (chorshanba)
O‘zbekiston U20 – Isroil U20
Mendoza, «Malvinas Argentinas» stadioni.
O‘yin boshlanish vaqti: 02:00
TV-translatsiya: UzReport TV. 

Usmon Ibodov


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Osiyo chempionlari Yevropa vitse-chempioniga qarshi. O‘zbekiston Isroil to‘sig‘idan o‘ta oladimi?