Gukesh Sindarov bilan bahs oldidan nima dedi? Javob shaxmat muxlislari diqqatini tortdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Jenevada o‘tkazilgan matbuot anjumanida amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaradju chempionlik unvonini himoya qilish emas, balki uni qaytadan qo‘lga kiritish niyatida ekanligini ma'lum qildi.
- Hindistonlik grossmeyster ushbu maqsad yo‘lida o‘zbekistonlik yosh shaxmatchi Javohir Sindarov bilan kuch sinashadi.
- 24 noyabr kuni boshlanadigan mazkur bahs klassik formatdagi 14 partiyadan iborat bo‘lib, Shveysariyaning Jeneva shahridagi Fondation Martin Bodmer muzeyida o‘tkaziladi.
Amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaradju Jenevadagi matbuot anjumanida o‘z maqsadini ochiq bildirdi. Hindistonlik grossmeyster jahon chempionligi unvonini himoya qilish uchun emas, uni yana bir bor qo‘lga kiritish uchun kelganini aytdi. Endi uning yo‘lida O‘zbekistonning yosh yulduzi Javohir Sindarov turibdi.
Gukesh chempionlik tojini Hindistonga olib ketmoqchi
Jenevadagi BMT Millatlar saroyida 2026 yilgi jahon chempionligi uchun Javohir Sindarov va Gukesh Dommaradju o‘rtasidagi bahs oldidan rasmiy matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda amaldagi jahon chempioni, hindistonlik grossmeyster Gukesh jurnalistlar savollariga javob berdi. Uning bildirishicha, asosiy maqsadi chempionlik unvonini saqlab qolish bilan cheklanmaydi. Gukesh jahon chempioni sifatidagi maqomini yana bir bor isbotlash va chempionlik tojini Hindistonga olib ketishni istaydi.
Jurnalistlardan biri unvonni himoya qilish uni ilk bor qo‘lga kiritishdan qiyinroqmi, deb so‘radi. Hindistonlik shaxmatchi esa bu savolga qisqa, ammo qat’iy javob qaytardi.
«Men bu yerga biror narsani himoya qilish uchun kelganim yo‘q. Men unvonni qaytadan qo‘lga kiritish uchun shu yerdaman», — dedi Gukesh.
Sindarovni amaldagi jahon chempioniga qarshi og‘ir sinov kutmoqda
Gukeshning ushbu bayonoti uning Jenevadagi maqsadi qanchalik jiddiy ekanini ko‘rsatadi. Biroq amaldagi chempionning rejalarini amalga oshirishi uchun Javohir Sindarov to‘sig‘idan o‘tishi kerak bo‘ladi.
O‘zbekistonlik grossmeyster nomzodlar turniridagi muvaffaqiyatli ishtiroki orqali jahon chempionligi uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritdi. Endi u shaxmat olamining eng katta sovrini uchun amaldagi chempion bilan bellashadi.
Sindarov avvalroq imkoniyatlarni 50:50 deb baholagan edi. Uning fikricha, 14 partiyadan iborat uzoq va murakkab bahsda har qanday natija qayd etilishi mumkin.
Jahon chempionligi uchun bahs qachon boshlanadi?
Javohir Sindarov va Gukesh Dommaradju o‘rtasidagi jahon chempionligi uchun bahs 24 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi.
Kurash Shveysariyaning Jeneva shahri yaqinidagi Kolini hududida, Fondation Martin Bodmer muzeyida o‘tkaziladi. Shaxmatchilar klassik formatda 14 partiyada kuch sinashadi.
Asosiy partiyalardan keyin hisob teng bo‘lib qolsa, 12 dekabr kuni tay-brey o‘yinlari tashkil etiladi. Oxirgi klassik partiya esa 11 dekabr kuniga belgilangan.
Endi shaxmat muxlislarini bitta katta savol qiziqtirmoqda: Gukesh chempionlik tojini Hindistonga olib ketadimi yoki Javohir Sindarov O‘zbekiston shaxmati tarixida yangi sahifa ochadimi?
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…