21 oktyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahri “UFC 294” turniriga mezbonlik qiladi. Markaziy jang esa barchaga ma’lum, yengil vazn toifasi chempioni Islom Maxachev hamda braziliyalik Charlz Oliveyra o‘rtasida kechadi. Ha, bu revansh jangi, avvalgisida Maxachev muddatidan avval g‘alaba qozonib, chempionlik kamarini o‘ziniki qilib olgandi.
Bu safargi jang borasida ham turli xil fikrlar bildirilmoqda. Biz ham ushbu qarama-qarshilik haqida qisqacha o‘z fikrlarimiz bilan o‘rtoqlashamiz.
- Charlz Oliveyra 1-jangda yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lmaganligi haqida ko‘p va xo‘p gapirdi. Bu safar barchasi a’lo darajada ekanligi va chempionlik kamarini qaytarib olishini ta’kidlayapti. Ammo, nimaning evaziga, degan savol tug‘iladi. To‘g‘risi, men Oliveyraning Islom Maxachevga qo‘llaydigan noodatiy “qurol”ini ko‘rmayapman. Ha, uning jiu-jitsusi, Getjiga, Porega, Chendlerga, Dariushga boringki Konor MakGregorga ham o‘tishi mumkin. Biroq, Maxachevga emas. Charlz Oliveyra Islom Maxachev uchun har tomonlama juda qulay raqib...
Bo‘yni nozik, kurashga qarshi himoyasi ham u qadar mukammal emas. Kurashchi, grepplingchi uchun bu ayni muddao bo‘ladi. Maxachev jangni “parter”ga ko‘chirish uchun muammoga uchramaydi. Birgina xavfli jihati “uchburchak” uslubiga tushib qolmaslik xolos. Bu uslubga himoyani esa Maxachev anchagina hadisini olgan.
Oliveyra ham bu safar raqibni o‘rganganligi aniq va shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rgan. U katta ehtimol bilan jangni masofada ushlashga, Maxachevning “teyk-daun”larni amalga oshirishga qo‘ymaslikka harakat qiladi va o‘z o‘rnida jangni “stoyka”da olib borish uchun urinadi. Jiu-jitsusi esa bu “B”-variant bo‘ladi. Ya’ni, Maxachev butun jang mobaynida uni baribir “parter”ga olib tushadi. Aynan o‘sha holatda u o‘zining kuchli jihatini ishga solishga harakat qilib ko‘radi. Vaholanki, u jangni “parter”ga ko‘chishini xohlamaydi.
Ammo, “stoyka”da ham Oliveyra ustunlik qila oladi, deb o‘ylamayman. Garchi, Maxachevning kurashi haqida ko‘p gapirilsa-da, uning oyoq-qo‘llari ham yaxshi ishlaydi. U bu borada ham anchagina aqlli yurish qila oladi.
Xullas, revansh jangi ham avvalgisi kabi yakunlanish ehtimoli yuqori.. Ya’ni, yana o‘sha ssenariy ostidagi g‘alaba. 1-raund Oliveyra urinib ko‘radi. 2- raundda Maxachev yana jangni “parter”ga ko‘chirib, bo‘g‘ish uslubi bilan g‘alaba qozonadi!
Albatta, bu shaxsiy fikr! Aslida, barchasini jang kuni bilib olamiz!
Ahmadbek ESHMATOV tayyorladi
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring