
JCH-2026 saralash bosqichining yakunlovchi turi arafasida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze va jamoa sardori Eldor Shomurodov jurnalistlar bilan ochiq muloqot o‘tkazishdi. Mazkur matbuot anjumanida ertaga bo‘lib o‘tadigan muhim Qatarga qarshi to‘qnashuv haqida muhim bayonotlar berildi.
Temur Kapadzening bayonoti:
— Avvalo, barchamizni saralash bosqichidagi so‘nggi g‘alabamiz bilan tabriklayman. Endi esa oldindagi navbatdagi mas’uliyatli bellashuv – Qatarga qarshi uchrashuv turibdi. Bu o‘yinda ham o‘zimizni eng yaxshi tarafdan ko‘rsatib, saralashni yuqori ruhda yakunlashga harakat qilamiz.
— Jamoa ichida kayfiyat ko‘tarinki, o‘yinchilar g‘alabaga chanqoq. Jarohatlar har bir jamoada bo‘lishi tabiiy hol, lekin biz bunga tayyormiz. Oston O‘runov ertangi uchrashuvda ishtirok etmaydi. Otabek Shukurovda kichik jarohat bor — u bilan maslahatlashib, maydonga tushish-tushmasligi borasida qaror qabul qilamiz. Ertangi bellashuvda bu omillar jiddiy ta’sir qilmasligiga umid qilamiz.
— Jahon chempionati sari yo‘lda biz o‘zimizga kerakli natijani qo‘lga kiritdik. Biroq bu bilan qanoatlanib to‘xtab qolish yo‘q – har bir o‘yinda jiddiy bosim va mas’uliyat bor. Qatarga qarshi o‘yin ham shunday bo‘ladi, ammo biz g‘alaba bilan muxlislarimizni xursand qilishni istaymiz.
— Jamoaviy sxema va taktika so‘nggi yillarda barqaror ravishda shakllandi. Ayrim nuqtalarga tuzatishlar kiritdik, o‘yin sifati ortib bormoqda. Jamoa faolligi va intizomi orqali murakkab vaziyatlardan chiqib keta oldi.
— Qatarga qarshi so‘nggi uchrashuvlarda biz muvaffaqiyatsizlikka uchraganmiz — buni yoddan chiqarmaymiz. Biroq bugungi terma jamoa o‘sha paytdagi jamoadan ancha kuchli, tajribali va ishtiyoqli. Bu safar tarixni o‘zgartirish uchun maydonga tushamiz.
— BAAga qarshi o‘yinda qanday bo‘lmasin g‘alaba qozonishimiz kerak edi. Durang natija ham bizni qoniqtirardi, shu bois o‘yinda chiroyli futbol ko‘rsata olmaganmiz. Ayni paytda ham hujumkor o‘yin namoyish etmoqdamiz. Keyingi o‘yinlarda uslubni o‘zgartirishga harakat qilamiz, ehtimol, yangi futbolchilarni ham kashf etamiz.
— Men terma jamoada o‘ynagan vaqtlarimda Qatarga qarshi katta qiyinchilik bo‘lmagan. Osiyo Kubogi va saralashning 3-bosqichida ham yaxshi o‘yin ko‘rsatganmiz, ammo bir oz omad yetishmagani sababli mag‘lub bo‘ldik deb o‘ylayman.
— Srechko Katanes bilan ko‘p bor uchrashganman. U bilan munosabatlarimiz yaxshi. Jahon chempionati yo‘llanmasida uning ham hissasi katta. Uchrashganimizda uni ham mundial yo‘llanmasi bilan tabrikladim.
Shomurodov fikrlari:
— O‘zbekiston xalqini g‘alaba bilan tabriklayman. Stadionga keladigan muxlislarni chiroyli o‘yin bilan quvontirishga harakat qilamiz. Jahon chempionatiga yo‘llanma olish — katta yutuq, biroq hali bayram qilishga ulgurmadik.
— Ertaga muhim bahs oldinda turibdi. Muxlislar oldida maydonga tushamiz va ular bizdan g‘alaba kutishadi. Shuning uchun g‘alaba qozonib, xalqimizga qo‘shaloq bayram ulashishga intilamiz. Ertaga gol urgudek bo‘lsam, uni qanday nishonlashim haqida hali qaror qabul qilganim yo‘q.
— Biz har bir bahsda bor kuchimizni berishga intilganmiz. Qatarga qarshi bahsda g‘alaba bilan o‘zimiz uchun yangi sahifa ochishni istaymiz. Jamoada o‘zaro ishonch va yagona maqsad bor — bu esa muvaffaqiyatning eng muhim kalitidir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar