Angliya Premer-ligasi yangi mavsumini “Manchester Siti”ning omadsiz boshlashi hamon keng muhokama qilinmoqda. Jamoa natijalaridan ko‘ngli to‘lmagan muxlislar va futbol ekspertlari Pep Gvardiolaning futbolchi tanlash siyosatiga tanqidlar yo‘llamoqda. Ayniqsa, yo‘qotilgan ochkolarda ayrim futbolchilarning yirik xatolari hal qiluvchi omil bo‘lgani ta’kidlanmoqda.
Shu bilan birga, jamoani qo‘llab-quvvatlab kelayotgan ko‘plab ishqibozlar o‘z fikrlarini ochiq bayon etmoqda. Ular orasida “Brayton”ga qarshi o‘yinda mardona harakatlari bilan e’tibor qozongan o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovga ko‘proq imkoniyat berishni talab qilayotganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi.
Fanatlar va xorijlik futbol muxlislarining izohlari esa Husanovga bo‘lgan ishonch va hurmatni yanada oydinlashtirdi:
Jack Makau: “Himoya markazida endi Ruben Diash bilan bir qatorda Husanovni tushirish shart, deb o‘ylayman.”
Hamisi Gari: “Markazda Stounz va Gvardiol, o‘ng qanotda Husanov, chap tomonda esa Rayan Ayt-Nuri ideal tarkib bo‘ladi.”
Othniel Welldone Chadiwa: “Husanov ‘Brayton’ga qarshi ajoyib harakat qildi, u kelajakda asosiy figura bo‘lishi mumkin.”
Mnganga Shzz: “Husanovni muntazam o‘ynatishsin, bu yigit jamoaning katta muammolarini hal qiladi.”
Angel Jerome Kwame: “Husanov va Trafford qalbimdan joy oldi, bu bola katta yulduz bo‘ladi.”
Uzu Ibeabuchi: “Hozirda bizga umid bag‘ishlayotgan yagona futbolchi — Husanov.”
Wíññíé Khayleb: “U shiddat bilan maydonda hammasini berdi, yuragi bilan o‘ynaydi.”
Gordon Nixon: “Husanov har hafta asosiy tarkibda bo‘lishi shart, tempi yuqori, raqobatga tayyor yagona futbolchi.”
Robert Smith: “Husanov jamoaning kelajagi hisoblanadi.”
Anning Paul: “U fantastik himoyachi va Uokerning o‘rnini to‘liq bosishga qodir.”
Ahouo Armel Kevin: “‘Siti’ himoyasini ishonchli saqlab qolish faqat Husanov va Gvardiol zimmasiga to‘g‘ri keladi.”
Pancho Morris: “Husanovga sog‘lik tilaymiz. Jamoada u, Xoland, Rodri va Marmushdan boshqa deyarli hech kim kuchli o‘ynamadi.”
Quoyum Olalekan: “Husanov juda iqtidorli futbolchi, nima uchun Pep unga hali hamon to‘liq ishonch bermayapti?”
Pundit Jay: “‘Siti’da temp, quvvat va shiddat yetishmayapti. Bu sifatlarga ega yagona futbolchi — Abduqodir Husanov!”
Abduqodir Husanov “Manchester Siti” tarkibiga 2025 yilning 20 yanvarida qo‘shilgan. Jamoa o‘zbek himoyachisi uchun Fransiyaning “Lans” klubiga 40 million yevro badal to‘lagan.
21 yoshli futbolchi “Lans” tarixida eng qimmat transfer sifatida qayd etilgan. Shu bilan birga, nufuzli transfermarkt.world portali uning bozor qiymatini 35 million yevro deb baholamoqda. Husanov hozirgi kunda Markaziy Osiyodagi eng qimmatbaho futbolchi maqomini ham qo‘lga kiritgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!