O‘zbekiston shaxmatidagi yangi yetakchi kim? Nodirbek Abdusattorovning e’tirofi muhokamada

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Nodirbek Abdusattorov Javohir Sindarovni shaxmat tarixidagi eng iste’dodli besh shaxmatchidan biri deb hisoblaydi va uning salohiyati hatto o‘zidan ham yuqori ekanligini ta’kidlaydi.
- Abdusattorovning so‘zlariga ko‘ra, Sindarov uzoq vaqt o‘z salohiyatini to‘liq namoyon eta olmagan bo‘lsa-da, endilikda u Abdusattorovdan o‘zib ketgan va reyting bo‘yicha birinchi bo‘lib 2700 marrasidan o‘tgan.
O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov hamyurti Javohir Sindarovning shaxmatdagi salohiyati va so‘nggi muvaffaqiyatlari haqida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Sindarov iste’dod jihatidan shaxmat tarixidagi buyuk shaxmatchilar bilan bir qatorda turishga munosib.
"Biz uning salohiyatini yaxshi bilamiz. Javohir nihoyatda iste’dodli, hatto mendan ham iste’dodliroq. 2021–2022 yillargacha u shaxmatga unchalik ko‘p vaqt ajratmasdi, boshqa ishlar bilan ham shug‘ullanardi.
Menimcha, u shaxmat tarixidagi eng iste’dodli besh shaxmatchidan biri. Kasparov va boshqa buyuk shaxmatchilar qatorida. Iste’dod jihatidan ulardan aslo qolishmaydi. Shunchaki, u uzoq vaqt o‘z salohiyatini to‘liq namoyon eta olmadi va biroz soyada qolib ketdi", — dedi Abdusattorov.
Grossmeyster, shuningdek, Sindarovning muvaffaqiyatlari o‘ziga ham katta motivatsiya berganini ta’kidladi. Uning aytishicha, uzoq vaqt davomida Javohirdan bir qadam oldinda bo‘lgan bo‘lsa-da, endilikda hamyurti undan o‘zib ketgan.
"2022 yilda men birinchi bo‘lib 2700 reyting marrasidan o‘tdim. 2025 yilgacha reyting bo‘yicha kuchli shaxmatchilar qatorida edim. Lekin Nomzodlar turniriga chiqa olmadim. Avvaliga yoshligim, keyinchalik esa tajribam yetishmagani bunga to‘sqinlik qildi.
Ko‘p yillar davomida men Javohirdan bir qadam oldinda edim. Endi esa u mendan o‘zib ketdi va bu marraga birinchi bo‘lib erishdi.
Uning ketma-ket g‘alabalari menga ikkinchi nafas berdi. Javohir buning uddasidan chiqish mumkinligini ko‘rsatdi, yo‘l ochib berdi va o‘zimga bo‘lgan ishonchimni oshirdi. Endi u oldinda, men esa uning ortidan ketyapman", — deya ta’kidladi Nodirbek Abdusattorov.
Ikki grossmeysterning muvaffaqiyatlari o‘zbek shaxmatining xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirmoqda. Abdusattorovning fikricha, Sindarovning yutuqlari nafaqat uning o‘zi, balki boshqa shaxmatchilar uchun ham katta ruhiy turtki bo‘la oladi.































Izohlar 0
…