
Joriy mavsumning birinchi yarmida maydonga tushgan uchrashuvlarda faol, ishonchli va barqaror o‘yin namoyish etgan Abduqodir Husanov ketma-ket ikki jarohatdan so‘ng asosiy tarkibdan chetlab qoldi. Bu holat o‘zbek futbolchisining o‘yin amaliyotiga salbiy ta’sir qildi va u so‘nggi paytlarda muntazam ravishda zaxira o‘rindig‘ida qolmoqda.
Xosep Gvardiola rahbarligidagi «Manchester Siti»da Husanov Yevropa Chempionlar ligasi va Angliya Premer-ligasida ham asosiy tarkibdan joy ololmayapti. Biroq yaqin kunlarda vaziyat o‘zgarishi mumkin.
17 dekabrdan 18 dekabrga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan soat 00:30 da «Manchester Siti» Angliya Ligasi kubogi doirasida «Brentford»ga qarshi maydonga tushadi. «Etixad» stadionida bo‘lib o‘tadigan ushbu bahs yarim final yo‘llanmasi uchun o‘tadi va muxlislar uchun katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Britaniyaning nufuzli sportsmole.co.uk nashri ekspertlarining fikricha, ushbu uchrashuvda Xosep Gvardiola tarkibni jiddiy ravishda yangilashi kutilmoqda. Jurnalistlar «shaharliklar» ustozi so‘nggi paytlarda kam o‘ynayotgan futbolchilarni maydonga tushirib, ularning imkoniyatlarini sinab ko‘rishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Ma’lum qilinishicha, oxirgi haftalarda «Siti» asosan bir xil barqaror tarkib bilan harakat qildi va bu taktika barcha musobaqalar doirasida ketma-ket beshta g‘alabaga olib keldi. Eng so‘nggi muvaffaqiyat Premer-liga doirasida «Kristal Pelas» ustidan safarda 3:0 hisobida qo‘lga kiritildi va jamoa turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni saqlab qoldi.
Biroq «Selxerst Park»da o‘tgan o‘sha uchrashuvda maydonga tushgan futbolchilardan faqat besh nafari «Brentford»ga qarshi bahsda ham o‘ynashi mumkin. Sababi, jamoada kadrlar bilan bog‘liq muammolar mavjud.
Rodri (son orqa mushagi jarohati) va Mateo Kovachich (to‘piqdan olgan shikasti) safdan chiqqan. Shu bois, yarim himoyada ma’lum tanqislik sezilmoqda va mavsum davomida asosiy yuk Niko Gonsales zimmasiga tushib kelmoqda. Mutaxassislar fikricha, ispaniyalik futbolchiga dam berish vaqti kelgan.
Kutilmoqdaki, tayanch yarim himoyada Tijani Reynders va Bernardu Silva joy oladi, ular ortidan esa hujumkor futbolchi Rayan Sherki harakat qiladi. Hujum qanotlarida Jeremi Dok-u jarohati sabab qatnashmasligi mumkin, ammo uning o‘rnini Oskar Bobb yoki Savino to‘ldirishi ehtimoldan xoli emas.
Himoya chizig‘ida ham katta rotatsiya kutilmoqda. Natan Ake, Abduqodir Husanov, Riko Lyuis hamda ikkinchi raqamli darvozabon Jeyms Traffordga o‘zini ko‘rsatish imkoniyati berilishi mumkin. Bu esa Husanov uchun o‘z o‘rnini qaytadan mustahkamlab olishda muhim imkoniyat bo‘lishi mumkin.
SPORTSMOLE.CO.UK talqiniga ko‘ra, «Manchester Siti»ning «Brentford»ga qarshi ehtimoliy tarkibi quyidagicha:
Darvozabon: Jeyms Trafford
Himoyachilar: Riko Lyuis, Abduqodir Husanov, Natan Ake, Niko O’Reyli
Yarim himoyachilar: Tijani Reynders, Bernardu Silva, Oskar Bobb, Rayan Sherki, Savino
Hujumchi: Erling Xoland
Mazkur bahs o‘zbek futbol muxlislari uchun ham alohida qiziqish uyg‘otadi. Chunki Abduqodir Husanovning asosiy tarkibga qaytishi nafaqat uning shaxsiy faoliyati, balki O‘zbekiston futboli nufuzi uchun ham muhim ahamiyatga ega.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.