City Xtra ekspertlari Husanovni olqishladi: muxlislar undan hayratda...

“Manchester Siti” faoliyatini doimiy kuzatib boradigan nufuzli manbalardan biri — cityxtra.co.uk ekspertlari jamoaning o‘zbekistonlik legioneri Abduqodir Husanovning Angliya Ligasi kubogi yarim finali doirasida “Nyukasl”ga qarshi o‘tkazilgan birinchi o‘yindagi harakatlarini alohida ta’kidladi.
Husanov mazkur bahsda asosan himoya chizig‘ida “tinim bilmas motor”ga aylanib, jamoaning qurilishini ham, bosim paytidagi sug‘urta vazifasini ham bir vaqtning o‘zida bajargani bilan ko‘zga tashlandi. Raqamlar ham buni tasdiqlayapti.
Uchrashuvda Abduqodir quyidagi statistik ko‘rsatkichlarni qayd etdi:
- 76 ta to‘pga teginish
- 58 ta aniq uzatma
- Uzatmalar aniqligi — 94%
- 13 ta hujumning hal qiluvchi (oxirgi) uchinchi qismiga uzatma
- 6 ta tozalash (himoyada to‘pni uzoqlashtirish)
- 4 ta to‘p tortib olish (podkat)
- 4 ta to‘pni qaytarib olish
- Yerdagi yakkama-yakka kurashlarda 4 ta g‘alaba
- 4 ta aniq uzoq masofaga uzatma
- 2 ta bosh bilan to‘pni qaytarish
- Havodagi yakkama-yakka kurashlarda 1 ta g‘alaba
- 1 ta hal qiluvchi, “oxirgi himoyachi” sifatida amalga oshirilgan to‘p olish
Qisqasi, Husanov nafaqat to‘pni qaytarish va xavfni bartaraf etishda, balki o‘yinni oldinga olib chiqishda ham yuqori sifat ko‘rsatgan. 94 foizlik pas aniqligi va “oxirgi uchinchi hudud”ga 13 ta uzatma — himoyachi uchun juda salmoqli signal: u faqat “sindirmaydi”, balki “quradi” ham.
Shu bois, cityxtra.co.uk’ning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida Abduqodirning o‘yini atrofida muhokama qizib ketdi. “Siti”ning turli qit’alarga yoyilgan ishqibozlari legionerimiz haqida juda qattiq fikrlar bildirmoqda. Quyida muxlislar munosabatlarining ayrimlari:
Andrew Mosley:
Abduqodirga imkoniyat berilganidan xursandmiz.
Martin David Byrne:
Uning salohiyati balandligi aniq. Hozirning o‘zida Ruben Diashdan ancha kuchli, degan fikrdaman.
Michael Owens:
Husanovga munosib baho berilayotgani yo‘q.
Bhütï Pödölskï:
Husanov dunyoning birinchi raqamli himoyachisiga aylanishi mumkin.
Stephen Korsah:
Yuqoridagi fikrga qo‘shilaman: Husanov APLda ham eng zo‘rlardan. Murabbiylar unga ko‘proq e’tibor qaratsin.
Figos Taboka:
Agar Husanovga muntazam o‘yin amaliyoti berilsa, yaqin kelajakda Serxio Ramos darajasidan ham o‘tib ketishi mumkin.
Lee Booth:
Husanov oxirgi yillardagi eng yaxshi transferlardan. Kelajagi juda yorug‘.
Bvuma Boldwin Tanyaradzwa:
O‘zbekistonlik o‘yinchi haqiqiy monstr. Uning foydali ish koeffitsiyenti aqlbovar qilmas darajada.
Gladstone Minzie:
U o‘tgan mavsumda ham zo‘r o‘ynagan, keyin esa Gvardiola birdaniga kamroq ishlatdi. Abduqodir — jahon darajasidagi himoyachi. “Siti”ga aynan shunday xarakter kerak.
Awa Victor:
Bu yigit har o‘yinda bizni qutqaryapti.
Habib Habs:
Husanov juda kuchli, faqat har safar qattiq tashlanganda qizil kartochka olmasin, degan xavotir bor. U faqat devorga urilganda to‘xtaydi, shekilli.
Rashid Musa:
Husanov Diashdan kamida ikki karra kuchli. Nega ishonch faqat Diashga? Yoki bu yerda boshqa sabab bormi?
INkosi YamAfrika:
Husanov barcha o‘yinlarda o‘ynay oladigan futbolchi. Endi Diash bilan xayrlashsak ham bo‘ladi.
Scott ’Scoot’ Scrimgeour:
Husanovning tempi ajoyib, himoyalanish qobiliyatiga gap bo‘lishi mumkin emas. O‘qdek uchib borib, raqibdan to‘pni sug‘urib oladi.
Don Takyllah:
O‘zbek mashinasi. Husanov turgan joydan hech kim o‘ta olmaydi. Ikki karra quvvat bilan ishlayapti.
Nicholas Njenga:
E’tibor berganmisiz: jamoa jarohatlar tufayli qiyin vaziyatga tushganda Husanov doim yordamga keladi. Endi Gvardiola unga muntazam amaliyot berishidan umid qilamiz.
Ben Aigbojie:
Pep, Abduqodirga ko‘proq o‘yin vaqti ber. U qo‘rqmay o‘ynaydi, juda tezkor. Himoya chizig‘ining haqiqiy yetakchisi.
Muxlislar fikridan bitta narsa aniq: Abduqodir Husanov “Siti” auditoriyasida allaqachon ishonch uyg‘otib ulgurgan. Endi eng muhim qadam — bu ishonchni doimiy o‘yin amaliyotiga aylantirish. Agar u shunday temp va intizomni saqlab qolsa, “yarim final statistikasi” shunchaki bir kechalik rekord emas, balki katta kareraning yangi standartiga aylanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!