Jordi Alba: “Butun faoliyatim uchun Unai Emerydan minnatdorman”

Barselona va Ispaniya terma jamoasining sobiq yulduzi Jordi Alba oʻz faoliyatidagi muvaffaqiyatlar uchun Aston Villa bosh murabbiyi Unai Emerydan qarzdor ekanini tan oldi. Gap shundaki, aynan Emery Valensiya klubida ishlagan yillarida Albani qanot hujumchisidan chap qanot himoyachisiga aylantirgan edi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Jordi Albaning aytishicha, u dastlab bu oʻzgarishga qarshilik koʻrsatgan, biroq vaqt oʻtishi bilan bu qaror uning jahon darajasidagi yulduzga aylanishiga zamin yaratganini tushunib yetgan. “Men 20 yoshda edim va Emery meni asosiy jamoaga chaqirdi. Werder Bremen bilan Yevropa ligasi oʻyinida bir kishi kam boʻlib qoldik va murabbiy meni himoyaga tushirdi. Oʻshanda bu pozitsiyada nima qilishni bilmasdim”, — deya eslaydi futbolchi.
Alba oʻzining yoshlikdagi xatolarini tan olib, Emeryning qatʼiyati uning kelajagini belgilab berganini taʼkidladi. “Dastlab buni yaxshi qabul qilmaganman, lekin Emery menga butun faoliyatim uchun katta yaxshilik qilayotganini bilmagan edim. Agar oʻsha oʻzgarish boʻlmaganida, men bunday darajaga erisha olmasdim. U dunyoning eng yaxshi murabbiylaridan biri”, — deya qoʻshimcha qildi u.
Ushbu taktik oʻzgarishdan soʻng, Jordi Alba 2012-yilda Barselona safiga oʻtdi va Camp Nouda 11 mavsum davomida ajoyib oʻyin koʻrsatdi. U kataloniyaliklar safida 450 dan ortiq oʻyinda maydonga tushib, olti marta Ispaniya chempionligini qoʻlga kiritdi.
Hozirda Aston Villa klubini boshqarayotgan Unai Emery esa oʻzining futbolchilarni kashf qilish qobiliyati bilan tanilishda davom etmoqda. Oʻtgan mavsumda u birmingemliklar bilan muvaffaqiyatli yurish qilib, Yevropaning eng kuchli mutaxassislaridan biri ekanini yana bir bor isbotladi.





























Izohlar 0
…