Behruz Karimov transferi bo‘yicha «Lugano» sport direktori bayonot berdi

19 yoshli himoyachi Behruz Karimov Shveysariyaning «Lugano» klubi bilan 2031 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan 5 yillik shartnoma imzoladi. U O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi Jahon chempionati bahslarida asosiy tarkibda maydonga tushgan. «Lugano» sport direktori Sebastyan Pelser transfer klubning yosh iste'dodlarni rivojlantirish yo‘nalishini tasdiqlashini ta'kidladi.
Shimoliy Amerikada (AQSH, Meksika va Kanada) bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida ishonchli va mazmunli o‘yin ko‘rsatgan yosh himoyachi Behruz Karimov faoliyatini Yevropada davom ettiradigan bo‘ldi. 19 yoshli iqtidor sohibi Shveysariyaning nomdor «Lugano» klubi bilan uzoq muddatli shartnoma imzoladi.
O‘tgan mavsumda Shveysariya chempionatini kuchli uchlikda (3-o‘rin) yakunlagan «Lugano» klubi o‘zbekistonlik umidli futbolchini o‘z safiga qo‘shib olganini rasman e’lon qildi.
JCH-2026 kashfiyoti va Kannavaroning ishonchi
Behruz Karimovning milliy terma jamoadagi debyuti Mundial boshlanishiga atigi ikki yarim oy qolganida yuz bergan edi. 2006 yilgi Jahon chempioni, milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Fabio Kannavaro yosh himoyachini Gabonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushirdi va unga yuqori ishonch bildirdi.
Jahon chempionati bahslarida esa Karimov Kolumbiya va Portugaliyadek dunyo grandlariga qarshi o‘yinlarda asosiy tarkibda maydonga tushib, deyarli to‘liq harakat qildi. Garchi ushbu bellashuvlarda vakillarimiz mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, 19 yoshli himoyachining jangovar xarakteri, maydonni ko‘ra olishi va kuchli zarbasi xalqaro skautlar e’tiborini tortdi.
«Lugano» sport direktorining samimiy e’tirofi
Yevropaning bir nechta klublari diqqat markazida bo‘lgan Karimov yakunda Shveysariya klubi loyihasini tanladi. «Lugano» sport direktori Sebastyan Pelser o‘zbekistonlik yosh yulduzning transferi haqida to‘xtalib, shunday dedi:
«Behruzning transferi «Lugano» futbol klubi tanlagan to‘g‘ri yo‘nalishni tasdiqlaydi. Klubimiz xalqaro maydonda yosh iste’dodlar o‘z faoliyatini yanada rivojlantirishi uchun munosib muhit va sharoit yaratib beradigan maskan sifatida mavqeini mustahkamlashga intiladi.
Behruz uchun «Lugano» Yevropa futbolidagi birinchi manzil hisoblanadi. Bu yerda u faoliyatidagi keyingi muhim qadamni tashlashi mumkin. Qarorlar qabul qilishda biz uchun moliyaviy jihatlar emas, balki sportdagi istiqbol va loyihaning sifati ustuvor hisoblanadi», — deb ta’kidladi Sebastyan Pelser.
«Surxon»dagi statistika va 2031 yilgacha shartnoma
Termizning «Surxon» jamoasi safida shakllangan Behruz Karimov O‘zbekiston Superligasida 22 ta uchrashuvda maydonga tushib, himoyadagi ishonchli harakatlaridan tashqari raqiblar darvozasini 3 marotaba ishg‘ol etishga ham erishgan.
O‘ng qanotda himoyadan tortib hujumgacha bo‘lgan butun chiziqni (butun flangni) yopa oladigan 19 yoshli futbolchi «Lugano» bilan 2031 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan 5 yillik shartnomaga qo‘l qo‘ydi.
Fikringizni izohda qoldiring va maqolani tanishlaringizga Telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali ulashing.































Izohlar 0
…