Daniel Korme Xabib va Makgregor o‘rtasidagi adovat sirini ochdi

Daniel Korme Xabib Nurmagomedovning Konor Makgregorni kechira olmasligi raqibning uning oilasi va diniga tegishli gaplari bilan bog'liqligini aytdi. Uning ta'kidlashicha, Xabib va uning jamoasi e'tiqod hamda oilaviy qadriyatlarga qat'iy sodiq bo'lgani uchun bunday holatda murosaga bormaydi. Korme bu munosabatni o'zining Jon Jons bilan ziddiyatiga qiyosladi, ammo amerikaliklar bunday masalalarga boshqacha qarashini ta'kidladi.
UFC sobiq chempioni va hozirda sport tahlilchisi Daniel Korme rossiyalik Xabib Nurmagomedov hamda irlandiyalik Konor Makgregor o‘rtasidagi afsonaviy nizoga to‘xtalib, Xabibning raqibini nega hech qachon kechira olmasligi sababini ochiqladi.
Kormening ta’kidlashicha, bu murosasizlik sabablari dag‘istonlik jangchilarning e’tiqodi va oilaviy qadriyatlariga borib taqaladi.
«Amerikaliklar boshqacha fikrlaydi, ular esa orqaga chekinmaydi»
Daniel Korme Xabib Nurmagomedov va uning jamoasi bilan ko‘p yillar davomida birga mashg‘ulot o‘tkazgani sababli ularning ichki dunyosi va mentalitetini juda yaxshi bilishini qayd etdi:
«Men o‘z birodarlarimni, Xabibning jamoasidagilarni juda yaxshi bilaman. Ularning o‘z diniga, e’tiqodiga va oilasiga qanchalik sodiq ekanidan xabarim bor. Shu sababli, agar siz Makgregor qilgan ishlarni qilsangiz (oila va dinga til tekzizsangiz), endi orqaga yo‘l qolmaydi», — dedi Korme.
Jon Jons bilan taqqoslash va madaniyatlar farqi
Korme ushbu vaziyatni o‘zining sobiq ashaddiy raqibi Jon Jons bilan bo‘lgan keskin munosabatlariga taqqosladi, biroq mentalitetdagi farqni alohida ajratib ko‘rsatdi:
«Xabib Konorga men Jon Jonsga munosabatda bo‘lganimdek beparvo yoki bosiq munosabatda bo‘la olmaydi. Xabib ham, uning jamoasidagi boshqa jangchilar ham Konorning bo‘ynini qayirib tashlashni istashadi. Vaziyat men va Jons o‘rtasidagi holatga o‘xshab tuyulishi mumkin, ammo farqi shundaki — biz amerikalikmiz. Bu kabi masalalarda amerikaliklar mutlaqo boshqacha fikrlaydi», — deya qo‘shimcha qildi sobiq chempion.
Eslatib o‘tamiz, Xabib Nurmagomedov va Konor Makgregor o‘rtasidagi jang 2018 yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan va unda Xabib 4-raundda bo‘g‘ish usuli bilan g‘alaba qozongan edi. Jang oldidan va undan so‘ng ikki jangchi hamda ularning jamoalari o‘rtasida yuzaga kelgan keskinlik MMA tarixidagi eng yirik adovatlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Fikringizni izohda qoldiring va maqolani tanishlaringizga Telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali ulashing.































Izohlar 0
…