Osiyoda o‘zbek klublarining yangi davri: 2026/2027 yilgi mavsum tafsilotlari

Osiyoda o‘zbek klublarining yangi davri: 2026/2027 yilgi mavsum tafsilotlari
Qisqacha

2026/2027 yilgi mavsumda O'zbekiston ilk bor OFK Elit Chempionlar ligasining asosiy bosqichida bir vaqtning o'zida «Neftchi» va «Paxtakor» klublari bilan ishtirok etadi. «Paxtakor» saralash bosqichida Iordaniyaning «Al-Husayn» jamoasini 3:0 hisobida mag'lub etib, musobaqadagi 20-ishtirokini ta'minladi. «Neftchi» Elit Chempionlar ligasiga to'g'ridan to'g'ri yo'llanma olgan, «Nasaf» esa OFK ikkinchi Chempionlar ligasi guruh bosqichida qatnashadi.

O‘zbekiston futboli Osiyo maydonlarida navbatdagi tarixiy va o‘ta muhim bosqichga qadam qo‘ymoqda. 2026/2027 yilgi futbol mavsumida mamlakatimiz ilk bor Osiyo futbol konfederatsiyasining (OFK) eng nufuzli musobaqasi — OFK Elit Chempionlar ligasining asosiy bosqichida bir yo‘la ikki jamoa bilan ishtirok etadi.

Bunga qadar O‘zbekiston bir mavsumda ushbu elitar musobaqada hech qachon bir vaqtning o‘zida ikki vakilga ega bo‘lmagan edi.

«Paxtakor»dan yirik g‘alaba va tarixiy 20-ishtirok

Toshkentning «Paxtakor» klubi saralash bosqichida Iordaniyaning «Al-Husayn» jamoasini qabul qilib, 3:0 hisobida tor-mor etdi va Elit Chempionlar ligasi yo‘llanmasini hal qildi.

11 avgust kuni bo‘lib o‘tgan bahsda «sherlar» tarkibida Dostonbek Hamdamov dubl qayd etgan bo‘lsa, iroqlik tajribali yarimhimoyachi Bashar Rasan oxirgi golni urib, o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi.

Ushbu muvaffaqiyat evaziga «Paxtakor» o‘z tarixida 20-marotaba Osiyoning klublar miqyosidagi eng asosiy va nufuzli musobaqasida ishtirok etadigan bo‘ldi.

«Neftchi» — to‘g‘ridan to‘g‘ri, «Nasaf» — 2-Chempionlar ligasida

Mamlakatning amaldagi chempioni sifatida Farg‘onaning «Neftchi» klubi OFK Elit Chempionlar ligasi asosiy bosqichiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma olgan edi. Endilikda «Paxtakor» farg‘onaliklarga hamrohlik qiladi.

Shuningdek, Osiyoning maqomi jihatidan ikkinchi o‘rinda turuvchi musobaqasi — OFKning ikkinchi Chempionlar ligasida Qarshining «Nasaf» jamoasi yurtimiz sharafini himoya qiladi. Mamlakat chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan qarshiliklar guruh bosqichiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l olishgan.

2026/2027 yilgi mavsumda Osiyoda o‘ynaydigan klublarimiz:

  • OFK Elit Chempionlar ligasi: «Neftchi» va «Paxtakor»

  • OFK ikkinchi Chempionlar ligasi: «Nasaf»

Osiyoning eng kuchli klublari kurashadigan ushbu turnirlarda vakillarimizga omad va zafarlar tilab qolamiz!

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar