Xitoyda Mazda elektromobillari benzinli modellarni bozordan siqib chiqara boshladi

Pekin avtosalonida Mazda kompaniyasi Xitoy bozoridagi strategiyasini o'zgartirganini tasdiqladi. Kompaniyaning yuqori martabali direktori Toryu Nakadzima brend elektrlashtirish davriga qat'iyat bilan kirayotganini ma'lum qildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Xitoydagi qo'shma korxona yangi energiya manbalarida ishlaydigan avtomobillar (NEV) savdosi bo'yicha klassik benzinli modellarni ortda qoldirishga yaqin turibdi. Joriy yilning birinchi choragida NEV modellarining ulushi 47 foizga yetdi.
Kompaniyaning avvalgi urinishlari, xususan MX-30 va CX-30 EV modellari bozorda muvaffaqiyat qozona olmagan edi. Biroq Changan kompaniyasi bilan hamkorlik va EPA platformasiga o'tish vaziyatni tubdan o'zgartirdi.
Yangi strategiya doirasida EZ-6 va CX-6e kabi modellar ishlab chiqarilmoqda. Ushbu avtomobillar ham to'liq elektr, ham masofani uzaytiruvchi gibrid versiyalarda taklif etilmoqda.
Kelajakda Mazda modellari Xitoy texnologiyalariga asoslanishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!