17:27 / 11.01.2020
6 839

Utilizatsiya yig‘imi O‘zbekiston avtomobil bozoriga qanday ta’sir qiladi?

Utilizatsiya yig‘imi O‘zbekiston avtomobil bozoriga qanday ta’sir qiladi?
Foto: thecoarseenvelope.com
Shu yilning 16 fevralidan "Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi va "Chiqindilar to‘g‘risida"gi qonunlarga tuzatishlar kuchga kiradi, ularga muvofiq, O‘zbekistonda to‘lovlarning navbatdagi turlari joriy etiladi: barcha import qilingan va ishlab chiqarilgan transport vositalari va tirkamalar uchun utilizatsiya yig‘imi kiritiladi.

Utilizatsiya yig‘imi joriy etilishi to‘g‘risida 2019 yil noyabr oyida e’lon qilingandi, ammo uning miqdori haligacha aniq emas va bu iste’molchilarni ham, avtomobilsozlik biznesi vakillarini ham tashvishga solmoqda, chunki u transport vositalarining yakuniy narxiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bilan birga, "O‘zavtosanoat" AJ mahalliy bozorga to‘rtta xorijiy krossoverni chet eldagidan arzon narxda olib kirishni rejalashtirmoqda. O‘zbekistonga xorijiy avtomobillarni olib kiradigan boshqa kompaniyalarda bunday noyob imkoniyatlar yo‘q: boj to‘langanidan keyin import qilinadigan mashina narxi avtomobilning modifikatsiyasiga qarab 120-150 foizga oshadi.

Endi esa unga utilizatsiya yig‘imi ham qo‘shiladi.

Fikrlash uchun sabab
Utilizatsiya yig‘imi miqdori alohida qonunosti hujjat bilan belgilanadi. Noma’lum muddatga qoldirilgan ma’lumotlari aniq bo‘lmagan bunday hujjatlar O‘zbekistonda zamonaviy qonun ijodkorligining o‘ziga xos tendensiyasiga aylandi. Buning ustiga, ma’lumotlarning yo‘qligi turli taxminlarga sabab bo‘ladi.

Utilizatsiya yig‘imi bilan bog‘liq alohida holatda uning miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yo‘qligi O‘zbekistondagi avtomobil bozori ishlab chiqaruvchilari va distribyutorlarini 2020 yil uchun savdo-sotiqni prognozlashtirish va rejalashtirish imkoniyatidan ham mahrum qiladi. Masalan, Rossiyada utilizatsiya yig‘imi miqdorining 2020 yil 1 yanvardan boshlab oshirilishi import qilinadigan avtomobillar narxining 5 foizgacha ko‘tarilishiga olib keldi, buni talabning mos ravishda 8 foizga pasaygani haqida xabar bergan dilerlar ham tasdiqladilar.

Taqqoslash uchun sabab
Utilizatsiya nima va u jahonda qanchaga tushadi? Press ostiga avtomobilning metall asosigina tushadi. Uning g‘ildiraklari, o‘rindiqlari yechib olinadi, barcha suyuqliklar, yonilg‘isi to‘kib tashlanadi, mexanik qismi sotish yoki qayta ishlash uchun alohida saralanadi. Bu jarayon qanchaga tushishini faqatgina taxmin qilish mumkin, chunki ba’zi davlatlarda (Evropa mamlakatlari) utilizatsiya avtomashina egalariga atigi 100-200 yevroga tushadi, boshqa davlatlarda esa (Rossiya, Qozog‘iston) esa bu avtomobilning modifikatsiyasiga qarab 2000 AQSH dollari va undan ko‘pni tashkil etadi hamda mahalliy avtosanoatni qo‘llab-quvvatlash va narxlar muvozanatini tartibga solish vositasi hisoblanadi.

Ba’zi mamlakatlarda avtomashina egalarining utilizatsiyada faol ishtirok etishlari rag‘batlantiriladi, ularga eski avtomobilni utilizatsiyaga topshirganlik uchun yangi transport vositasini sotib olishda imtiyozlar taklif etiladi.

Baholash uchun sabab
Utilizatsiya yig‘imi miqdori hozircha e’lon qilinmagan ekan, turli ehtimoliy stavkalar avtomobillarning yakuniy narxiga qanday ta’sir qilishi mumkinligini taxmin qilish mumkin. Misol tariqasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mashhur mashinalari (Nexia R3, Chevrolet Spark, Chevrolet Tracker) va ikkita import modellari (Lada Xray va Hyundai Accent) olindi.

Mutaxassislarning tushuntirishlaricha, bir xil miqdordagi utilizatsiya yig‘imida turli avtomobil kompaniyalari uchun yakuniy qo‘shimcha qiymati har xil bo‘ladi, chunki u ichki narx siyosatiga muvofiq QQS va boshqa to‘lovlarni o‘z ichiga oladi.

Jadvalda ko‘rsatilgan 100, 1400, 2000 va 3000 dollarlik yig‘im miqdorlari tasodifiy raqamlar emas. Ular utilizatsiya to‘lovini majburiy to‘lovlar ro‘yxatiga allaqachon kiritgan xorijiy davlatlar amaliyotidan olingan. Ya’nivoqealar rivojining yaxshi va yomon ssenariylari.

Masalan, 100 yevro - Yevropadagi utilizatsiya yig‘imi miqdori. U bevosita utilizatsiyaga jo‘natishga tayyor mashinadan olinadi va bu mantiqan to‘g‘ri. Yevropa Ittifoqida avtomobillarni utilizatsiya qilish masalasi juda jiddiy. Eskirgan mashinani tashlab ketgan shaxsga 2000 yevrogacha jarima solinadi. Shuning uchun, masalan, Germaniyada avtomashina egalari jarimadan ko‘ra utilizatsiyani ma’qul ko‘rishadi va bu foydali hamdir.

Sertifikatlangan markazlarda eski mashinani utilizatsiyaga topshirish uchun 100 yevro to‘lanadi va bundan tashqari, agar u yurmaydigan bo‘lsa, uni olib kelish uchun yana shuncha to‘lashga to‘g‘ri keladi. uni tashishda ham shunday bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, uning barcha yaroqli ehtiyot qismlari qayta sotishga jo‘natiladi va mashina egasi ular uchun pul oladi.

Parallellarni ko‘rib chiqish uchun sabab
Jadvalda berilgan 1400 va 2000 AQSH dollari miqdoridagi utilizatsiya yig‘imi miqdori Rossiya tajribasidan olingan. Ammo ta’kidlash joizki, Rossiyada bunday yuqori to‘lovlar Rossiya 2012 yilda Jahon savdo tashkilotiga (JST) kirganidan keyin avtomobillar uchun import bojlarining 30 foizdan 15 foizgacha pasayishi munosabati bilan o‘ziga xos kompensatsiyaga aylandi.

Dastlab, utilizatsiya yig‘imi faqat import qiluvchilardan olingan, ammo JSTning talabiga binoan, Rossiya 2014 yildan boshlab ushbu majburiyatni mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilarga ham joriy etishga majbur bo‘ldi va ularni zudlik bilan yangi subsidiyalar orqali himoya qildi. 2020 yil 1 yanvardan boshlab Rossiyada utilizatsiya yig‘imi miqdori boj to‘lovlari pasayishi hisobiga yana o‘zgardi: dvigatel hajmi 1 litrgacha bo‘lgan mashinalar uchun 46,1 foizga, dvigatel hajmi 1 litrdan 2 litrgacha bo‘lgan eng ommabop avtomobillar uchun - 112,4 foizga oshdi.

Qozog‘istonda utilizatsiya yig‘imi 2016 yildan boshlab joriy etilgan va bugungi kunda uning miqdori transport vositalarining toifasiga qarab 1000 dollardan 6000 dollargachani tashkil etadi. Ushbu chora xorijiy brendlarning avtomobillarini yig‘ish bilan shug‘ullanadigan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash deb ochiqchasiga aytiladi, chunki ulardan utilizatsiya yig‘imi olinmaydi. Ta’kidlash joizki, Qozog‘istonda qariyb uch yildan buyon eski mashinalar egalarini jalb etishga qaratilgan utilizatsiya dasturi mavjud. Mashinaning holatiga qarab, ishtirokchilarga ma’lum miqdordagi mablag‘ kompensatsiyasi yoki yangi mahalliy avtomobillarni sotib olishda foydalanish mumkin bo‘lgan sertifikat beriladi.

Boj stavkalarini eslash uchun sabab
2020 yil 16 fevralga qadar O‘zbekiston utilizatsiya yig‘imi miqdorini Rossiya yoki Qozog‘istondan ko‘chiradimi yoki yo‘qmi, degan taxmin turibdi. Yo‘q, deb ishonishni istardim. Zero, bu davlatlardan farqli o‘laroq, bizda bojxona to‘lovlari faqat o‘smoqda. Bugungi kunda ular avtomobilning modifikatsiyasiga qarab taxminan 120-150 foizni tashkil etadi, bu esa narxi 10000 shartli birlikka teng bo‘lgan yangi xorijiy avtomobilning narxini avtomatik ravishda 26000 shartli birlikkacha oshiradi.

Bu bizning mamlakatimizda utilizatsiya yig‘imi uchun yuqori stavkalar joriy etishga sabab yo‘qligini anglatadi. Mabodo qonun chiqaruvchilar import qilinadigan avtomobillar narxlarini manipulyatsiya qilish orqali mahalliy avtosanoatni qo‘llab-quvvatlash uchun rossiyalik va qozog‘istonliklarning qulay sxemasidan nusxa ko‘chirishni istab qolishmasa.

Tashvishlanish uchun sabab
Materialni tayyorlash jarayonida distribyutorlar hukumat tomonidan utilizatsiya yig‘imi miqdorini 120 BHM (2019 yil sentabr oyidan beri ishlatilayotgan bazaviy hisoblash miqdori) darajasida belgilash imkoniyati ko‘rib chiqilayotganidan xavotirlanib biznes ombudsman va qator idoralarga xat yuborgani ma’lum bo‘ldi. Bu qariyb 26 million so‘mni tashkil etadi.

Bu import qilinadigan avtomobillarning yakuniy narxiga ta’sir ko‘rsatib sotuvlarga kuchli zarba berishi, ular faoliyatining qisqarishi yoki tugatilishiga, bu esa ish o‘rinlarining yo‘qolishiga va umuman olganda, xorijiy avtomobil sanoatining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi pasayishiga olib kelishiga distribyutorlarning ishonchi komil. Oxir oqibat esa davlat budjetiga soliq va boshqa tushumlar manbalarining sezilarli darajada kamayishiga sabab bo‘ladi. Zero, Davlat statistika qo‘mitasining qayd etishicha, O‘zbekistonga yengil avtomobillarning yillik import hajmi o‘rtacha 17,5 ming donani tashkil etadi.

Shubha uchun sabab
Endi esa yiliga 17,5 ming dona yangi zamonaviy import qilingan avtomobillarga qaytamiz. Utilizatsiya nuqtai nazaridan yangi avtomobillarga asosiy ekologik xavf sifatida qarash kerakmi, zero aynan ulardan utilizatsiya yig‘imi olinadi. O‘zbekistondagi avtomobillar parkining umumiy soni qariyb 3 million donani tashkil etadi. Va ularning yarmi 10-20 va undan ko‘proq yil oldin ishlab chiqarilgan avtomobillar. Davlat ekologiya qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda o‘tkazilgan texnik ko‘rik natijasida 2,8 million avtomashinadan 1 millionga yaqini majburiy xavfsizlik talablariga javob bermagan, 24 mingdan ortiq mashina esa foydalanishga butunlay yaroqsizligi sababli ulardan foydalanish bekor qilingan.

Shunday ekan, nima uchun qonun chiqaruvchilar kamida bir millionta eski avtomobilni utilizatsiya qilishning barcha to‘lov yukini ishlab chiqaruvchilar, importchilar va yangi avtomobillarni sotib oluvchilarga yuklashni taklif qilishlari tushunarsiz qolmoqda. Axir, utilizatsiya yig‘imi hisobiga yangi mashinalarning narxi oshishi mamlakat avtoparkini yangilashni ortga suradi-ku. Aksariyat iste’molchilar qimmatlashgan avtomobillardan ko‘ra ikkinchi va uchinchi qo‘llardan zamonaviy minimal ekologik standartlardan uzoq bo‘lgan eskirgan avtomobillarni sotib olishni afzal ko‘radilar.

Va avtomashinalar egalari hovlilarda zanglab yotgan va ko‘chalarda yurgan eski mashinani nima qilish kerakligi to‘g‘risida bosh qotirmaydilar.

Rezida Erdman

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazari bilan mos kelmasligi mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Utilizatsiya yig‘imi O‘zbekiston avtomobil bozoriga qanday ta’sir qiladi?