“Jumanji” filmi aktyori Jeyms Xendi o‘ldirib ketildi

“Jumanji” filmi aktyori Jeyms Xendi o‘ldirib ketildi

“Jumanji”, “Top Gan: Meverik” va “Taps” filmlaridagi rollari orqali tanilgan amerikalik aktyor Jeyms Xendi Los-Anjeles shahrida sodir etilgan hujum oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda “New York Post” nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, aktyor Los-Anjelesning Tarzana mavzesida pichoqli hujumga uchragan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 3 iyun kuni ertalab huquq-tartibot organlari xodimlari tashvishli qo‘ng‘iroqdan so‘ng uylardan biriga yetib borgan.

Voqea joyida ular ko‘krak qismiga bir nechta pichoq jarohati yetkazilgan va hushsiz holatda yotgan 81 yoshli aktyorni aniqlagan. Jeyms Xendi shifoxonaga yetkazilgan bo‘lsa-da, shifokorlar uning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lmagan.

Oradan ko‘p o‘tmay, 44 yoshli Maykl Gledxill politsiya xodimlari huzuriga kelib, qidirilayotgan shaxs aynan o‘zi ekanini ma’lum qilgan. Keyinchalik u qotillikda gumon qilinib qo‘lga olingan.

Politsiyaning bildirishicha, Gledxill aktyorning do‘stining o‘g‘li bo‘lib, voqea vaqtida onasi bilan birga yashagan. Hujumning aniq sabablari hozircha ma’lum emas.

Ayni paytda gumonlanuvchiga nisbatan qotillik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud tomonidan garov puli miqdori 2 million dollar etib belgilangan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar

“Jumanji” filmi aktyori Jeyms Xendi o‘ldirib ketildi – Zamin.uz, 05.06.2026