1 749
«Kurdlar qaytimga beriladigan tanga emas» — Turkiya Shvetsiya va Finlandiyadan kimlarni topshirishni so‘ramoqda?
Foto: MORRIS MACMATZEN/GETTY IMAGES
Turkiya boshida qarshilik qilganiga qaramay, Finlandiya va Shvetsiyani NATOga qabul qilish jarayoni boshlandi. Erdo‘g‘an boshchilik turklar bunga osonlikcha rozi bo‘lgani yo‘q. Ularning iddaosicha bu ikki davlat Turkiya terrorchi deb topgan Kurdiston ishchi partiyasi vakillariga boshpana bergan va NATOga kirishni istasa, turklar talab qilgan 73 kishini qaytarishi kerak. Xo‘sh, Anqara terrorchi deb bilgan odamlar kim?
Prezidentni «haqorat qilish» ayblovi
2015 yil turkiyalik mashhur jurnalist, ingliz tilidagi Today's Zaman muxolif gazetasi bosh muharriri Bulent Kenesh tvitterdagi sahifasida mamlakat hukumatini tanqid qilar ekan, «Rajab Erdo‘g‘anning onasi tirik bo‘lsa, o‘g‘li uchun uyalgan bo‘lardi», deb yozadi. Ko‘p o‘tmay politsiya jurnalistning ish kabinetiga «yo‘qlab boradi». Uning qo‘lga olinishi turk telekanallarida jonli efirda ko‘rsatiladi. Bu vaqtda Erdo‘g‘an prezident lavozimida bir yildan ortiq ishlab ulgurgan, Turkiya siyosati keskin o‘zgarib ketgandi.
Turkiya jinoyat kodeksidagi 299-moddani turklar yaxshi bilishadi – «prezidentni haqorat qilganlik uchun jazo». Bu modda avvaldan bo‘lgan, ammo aynan Erdo‘g‘an prezidentlikka kelgach, ayniqsa faol qo‘llana boshladi. Turkiyada bu «o‘ta og‘ir jinoyat» uchun naq 4 yilga qamalish mumkin.
Tabiiyki demokratik tamoyillarga amal qiluvchi va Turkiya ham tarkibiga kiruvchi Yevropa kengashi bu modda bo‘yicha izoh talab qilgan, turklar esa uning zarurligini shunday izohlashgan: prezident mamlakatning yuzidir, shunday ekan, prezidentni haqorat qilish davlatga nisbatan jinoyat.
Ushbu moddada aynan qanday so‘zlar prezidentni haqorat qilishga kirishi aytilmagan, lekin boshqa moddalarda buning ta’rifini uchratish mumkin. Ya’ni insonning sha’ni va obro‘siga shubha bildirish – turk qonunchiligida haqorat deb qabul qilingan.
Yevropa kengashi Turkiyada bu modda amalda bo‘lishini tanqid qilgan, inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi esa bu modda inson huquqlariga zid ekani, erkin fikr bildirish huquqini cheklashi borasida hukm chiqargan.
2014 yil Erdo‘g‘an hukumat tepasiga kelganda 132 kishiga nisbatan prezidentni haqorat qilganlik ayblovi bilan ish ochilgan, ularning 40 nafari jazoga tortilgan. Bir yil o‘tib Turkiyada 1953 kishiga nisbatan yuqoridagi ayblov bilan ish ochilgan. 2016 yilga borib bu raqamlar 4 mingdan oshib ketadi. Umumiy hisobda 2014-19 yillarda prezidentni haqorat qilish ayblovi bo‘yicha 27 mingta ish ochishadi.
Ingliz tilidagi Today's Zaman gazetasi hech qachon muxolif kayfiyatdagi nashr ekanini yashirmagan va o‘z chiqishlarida hukumatni tez-tez tanqid qilib kelgan. Prezidentni haqorat qilish ayblovi bilan mahkamaga olib ketilgan bosh muharrir Bulent Kenesh hukumat bosimi sabab o‘z lavozimidan ketganini ma’lum qiladi. U ishdan ketgach gazeta ham ko‘p ishlamaydi va 2016 yilda yopilib ketadi.
Turkiyadagi Hurriyet hukumat gazetasi go‘yoki Erdo‘g‘an Madriddagi NATO sammitida Finlandiya hamda Shvetsiya turklarga topshirishi kerak bo‘lgan 45 nafar «terrorchi»dan iborat ro‘yxat berganini xabar qilib, bu ro‘yxatdagilarning ismini e’lon qildi. Jurnalist Kenesh mana shu ro‘yxatda bor. Bulent Keneshning aytishicha, Turkiyada unga qarshi 30 tacha ish ochishgan. Ammo hukumatning jurnalistga bildirayotgan asosiy e’tirozi 2016 yilgi davlat to‘ntarishiga urinish oldidan e’lon qilgan postiga qaratilgan...
Davlat to‘ntarishini taxmin qilish
2016 yil Turkiyadagi davlat to‘ntarishiga urinish sodir bo‘ldi. O‘sha vaqtda O‘rta Yer dengizidagi sohilda dam olayotgan prezident Erdo‘g‘anni qo‘lga olisholmaydi, davlat to‘ntarishi esa mahalliy aholining yordamida yo‘qqa chiqariladi.
Bu voqeadan keyin hukumat yoppasiga «tozalash» ishlariga kirishib ketadi. O‘n minglab mansabdorlar, o‘qituvchilar, sudyalar ishdan haydaladi, minglab jinoiy ishlar ochiladi. O‘sha vaqtda Turkiya hukumati davlat to‘ntarishiga aloqadorlikda gumonlangan 47 nafar jurnalist ro‘yxatini e’lon qiladi. Bu ro‘yxatga Bulent Kenesh ham tushib qoladi.
Gap shundaki, davlat to‘ntarishiga urinishdan biroz avval jurnalist Turkiyada demokratiya yo‘qligi haqida post yozadi. O‘sha maqolasida jurnalist jamiyat Erdo‘g‘an prezidentligi davrida boshdan kechirayotgan keskinlik o‘zgarmasa, buning oqibati yomon bo‘lishi va hatto davlat to‘ntarishiga aylanib ketishi mumkinligi haqida aytadi. Aynan shu jumla sabab jurnalistga davlat to‘ntarishiga aloqador deb qaray boshlashadi.
«Bunday ayblov bilan qo‘lga olinganlarni qiynashlari va hatto o‘ldirishlari mumkinligini bilardim. Shu sabab ikki hafta yashirinib yurdim va keyin sezdirmay mamlakatni tark etdim», deydi Kenesh. Jurnalist Shvetsiyaga borgandan keyin siyosiy boshpana so‘raydi.
Turkiyadagi 2016 yilgi davlat to‘ntarishiga urinish. Foto: STRINGER/GETTY IMAGES
Turkiya hukumati davlat to‘ntarishiga urinishni Fathulloh Gulen boshqaruvidagi harakat a’zolari amalga oshirgan deb hisoblaydi. O‘z vaqtida Turkiyada mashhur imom va voiz bo‘lgan Gulen nafaqaga chiqqanidan keyin butun dunyo bo‘ylab yuzlab maktab va oliygohlar ocha boshlaydi. Qizig‘i, Gulen va Erdo‘g‘an bir vaqtlar yaqin hammaslak bo‘lishgan, ammo ularning yo‘llari 1999 yilda ayriladi. O‘shanda AQSHga ketgan Gulen ortiq Turkiyaga qaytmaydi. Shundan buyon Erdo‘g‘an Gulenni o‘zining asosiy dushani deb biladi. Uning rahbarligidagi «Xizmat» harakat Turkiyada terrorchilik tashkiloti deb topilgan. AQSH, Yevropa Ittifoqi va Britaniya esa bunday qarorga qo‘shilmaydi.
Hozir Turkiyada jurnalist Keneshni Fathulloh Gulen harakatiga aloqador deb bilishadi, ammo uning o‘zi mustaqil jurnalist ekani, hech kimga aloqador emasligini aytib, unga nisbatan ilgari surilayotgan barcha ayblovlar soxtalashtirilgan deb biladi. Turkiya Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga kirishi evaziga so‘ragan sharti sabab Kenesh kabi jurnalistlar Turkiyaga ekstraditsiya qilinishi mumkin.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Yevropa shimolidagi Shvetsiya va Finlandiya kabi betaraf davlatlar ham NATOga kirish haqida o‘ylay boshladi. Urush cho‘zilavergach, ikki davlat alyansga kirishga qat’iy qaror qildi. NATOga qabul qilish tartibiga ko‘ra, yangi a’zolar alyansning barcha a’zolari rozilik bergachgina qabul qilinadi. Turkiya Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga kirishiga qarshi ekanini ma’lum qildi. Sabab sifatida bu ikki davlat go‘yoki terrorchilarni qo‘llashi keltirildi.
Ammo AQSH prezident Jo Bayden va Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘anning telefon suhbatidan keyin NATOning Madridda o‘tgan sammitida Turkiya ikki davlat aytgan shartini bajarsa, ularning alyansga kirishiga qarshilik qilmasligini ma’lum qildi. Sammitda Turkiya, Finlandiya va Shvetsiya o‘rtasida memorandum imzolandi. Erdo‘g‘an uch davlat nima borasida kelishuvga erishgani haqida o‘z talqinini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Finlandiya va Shvetsiya Anqara so‘ragan 73 kishini berishga rozi bo‘lgan. Turkiya bu kishilarni terrorizmda ayblagan.
Keyinroq memorandumning o‘zi e’lon qilindi. Unda Shvetsiya va Finlandiya Turkiya terrorchilikda ayblayotgan odamlarni deport yoki ekstraditsiya qilish masalasini ko‘rib chiqishi (!) aytilgan. Turkiya tomonining aytishicha, ro‘yxatdagi aksar odamlar mamlakatda terrorchi tashkilot deb topilgan Kurdiston ishchi partiyasi a’zolari bo‘gan kurdlar hisoblanadi. Bu tashkilot Turkiya ichida Kurdiston avtonomiyasi tuzishni istaydi. Kurdiston ishchi partiyasi AQSH va Yevropaning qator davlatlarida ham terrorchilik tashkiloti deb topilgan.
Erdo‘g‘an uchun bosh og‘riq
Kurdlar dunyodagi o‘z davlatiga ega bo‘lmagan eng katta millat hisoblanadi. Birinchi jahon urushidan keyin hozirda kurdlar yashayotgan yerlar Iroq, Eron, Turkiya va Suriya o‘rtasida bo‘lib olingan. Ammo ular boshqa millatlar bilan qo‘shilib keta olmagan. Hozir butun dunyo bo‘ylab 30-40 million kurdlar yashashi aytiladi, ularning aksari sunniy musulmonlar.
Iroqda kurdlar anchagina huqularga ega Iroq Kurdistoni nomli avtonomiya tuzishga erishgan. Ammo Suriya va Turkiyada kurdlar kamsitilishini aytib keladi. Turkiyada 15 milliondan ortiq kurd yashaydi. Bu turli ko‘rsatkichlarga ko‘ra Turkiya aholisining 15 va hatto 23 foizini tashkil etishi aytiladi.
Kurdlar avtonomiyasi tuzish yo‘lidagi kurashda hal qiluvchi rolni Abdulloh O‘jalan o‘ynagan. Kurdiston ishchi partiyasi 1970 yilda aynan O‘jalan tomonidan tuzilgan. Partiya qo‘lda qurol bilan millat mustaqilligiga erishishga harakat qila boshlaydi. O‘tgan yillar davomida Turkiya bilan to‘qnashuvlarda 40 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.
Turkiya parlamentidagi Xalqlar demokratik partiyasi kurdlar manfaatlarini himoya qiladi. Ammo Kurdiston ishchi partiyasi bilan aloqalari iddao qilinayotgani sabab bu partiya yopilib ketishi mumkin.
Kurdlar masalasi Erdo‘g‘an uchun doim eng katta muammo bo‘lib kelgan. Turkiya prezidenti kurdlar bilan nafaqat mamlakat ichida, balki Suriyada ham kurashib keladi. Suriya demokratik kuchlari partiyasi kurdlarniki hisoblanadi. Ular ISHIDga qarshi urushda AQSHning ittifoqchisi edi. Ko‘plab ekspertlar Erdo‘g‘an kurdlardan keladigan xavfni bo‘rttirib ko‘rsatishi, bundan o‘zining siyosiy maqsadlari yo‘lida foydalanishini aytib keladi.
Abdulloh O‘jalan 1999 yildan buyon qamoqda. 2013 va 2015 yilda e’lon qilingan sulhga qaramay, 2016 yil Turkiyada amalga oshmay qolgan davlat to‘ntarishiga urinishdan keyin mamlakatda kurdlarga bo‘lgan munosabat keskin yomonlashdi.
NATO uchun «to‘lov»
Kurdo Baksi oilasi 50 yildan ortiq vaqt davomida Shvetsiyada yashaydi. Baksi o‘zini kurddan ko‘ra ko‘proq shved deb hisoblaydi, ammo kelib chiqishini ham unutmaydi. Shvetsiyada uni muhojirlar huquqini himoya qiluvchi publitsist sifatida bilishadi. Hozirda o‘z taqdiridan qo‘rqayotgan kurdlar maslahat olish uchun Baksiga qo‘ng‘iroq qilishadi.
«Ro‘yxatdaman deb qo‘rqaman. Bunday ishlarda bepul yordam beradigan ba’zi tanish advokatlarim bor. Tanishlarim ko‘pligidan foydalangan holda qiyin ahvolga tushgan, ammo advokat olishga puli bo‘lmagan oilalar haqida o‘sha tanish advokatlarimga aytaman. Ular imkon qadar yordam berishadi», deydi Baksi.
Uning aytishicha, kurdlar oxirgi vaqtlarda o‘zlari haqidagi yangiliklarni xavotir bilan kuzatishadi, chunki bu millat oxirgi o‘n yillikda sodir bo‘lgan voqealarni unutgani yo‘q. 1980-yillarda Shvetsiyada Kurdiston ishchi partiyasidan ajralib chiqqan ikki nafar kurdni o‘ldirib ketishadi. Kurdlarning o‘zaro ichki mojarolari Shvetsiya hududida qon to‘kilishi bilan tugashi mamlakat hukumatiga yoqmaydi. Olof Palme boshchiligidagi hukumat Turkiyadan keyin ikkinchi bo‘lib Kurdiston ishchi partiyasini terrorchi tashkilotlar qatoriga kiritadi.
Olof Palme o‘ldirilgan joy. Foto: JONATHAN NACKSTRAND/AFP VIA GETTY IMAGES
1986 yilda bosh vazir Palmening o‘zi o‘ldirib ketiladi. Tergov guruhi Kurdiston ishchi partiyasining terrorchi tashkilotlar qatoriga kiritilgani bosh vazir o‘ldirilishida motiv bo‘lganini istisno qilmaydi. Tergov guruhi rahbari Hans Holmer ishda «kurdcha iz» qidira boshlaydi va mamlakatda yoppasiga kurdlarni qo‘lga olish boshlanadi.
Bu qo‘lga olishlardan keyin tergov kimdir gapirishiga umid qiladi, ammo bunday bo‘lmaydi. Turkiya ham bosh vazirni kurdlar o‘ldirgani borasida iddaolarni ilgari suradi, lekin Shvetsiya bu borada Anqaradan hech qanday tayinli ma’lumot ololmaydi. Keyinroq qo‘lga olingan kurdlar qo‘yib yuboriladi, chunki ularning bosh vazir o‘limiga aloqadorligi isbotini topmaydi.
Shvetsiyada kurdlar oz emas
Asta-sekin kurdlarning Shvetsiyada o‘rni oshib bormoqda. Hozirda 10 millionlik Shvetsiya aholisining 1 foizdan ko‘prog‘ini kurdlar tashkil etadi. Mamlakat parlamenti a’zolari orasida ham 6 nafar etnik kurd bor. 2020 yilda esa Shvetsiyadagi kurdlar yana o‘zlarini xavf ostida his qila boshladi. O‘sha yili mamlakatda terrorchilar va ularning tarafdorlari uchun jazo jiddiylashtiriladi, bir necha yil avval ISHIDga qo‘shilib ketgan fuqarolarni ortga qaytarish harakatlari boshlanadi. To‘g‘ri, bu choralar kurdlarga emas, ISHID jangarilariga qarshi joriy qilinadi, ammo Kurdiston ishchi partiyasi ham terrorchi tashkilotlar qatoriga kiritilgani sabab Shvetsiyadagi kurdlar ham o‘zini xavf ostida his qila boshlaydi.
Baksining aytishicha, Shvetsiya 38 nafar kurdning yashash ruxsatnomasini uzaytirishdan bosh tortgan. Ular ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Kurdiston ishchi partiyasi bayrog‘i yoki partiya asoschisi Abdulloh O‘jalanning suratini joylagan.
«Mahalliy politsiya ko‘plab kurdlarni shu sabab terrorchilarga bilan aloqadorlikda gumonlab tergov qildi. Shvetsiya NATOga kirishi uchun kurdlar bu qadar og‘ir tovon to‘lashi adolatsizlik. Mahalliy telekanallardagi chiqishimda ko‘p bora takrorladim: kurdlar Putin yoki Erdo‘g‘an kabi xavfli emas», deydi Baksi. Uning aytishicha, e’lon qilingan ro‘yxatdagi 73 kishining 30 foizi jurnalist va publitsistlar. «Turkiyaga qaytsa, ular nafaqat qamoqqa tashlanadi, balki o‘lgunicha qiynalishi mumkin. Shaxsan men bunga ishonaman», deydi Baksi.
Hammasi qonun bo‘yicha
Shvetsiya hamda Finlandiya hozircha Rajab Erdo‘g‘anning talablariga sovuqqonlik bilan yondashmoqda. Migrantlar masalasi bo‘yicha Shvetsiya adliya vaziri Morgan Yuhansson ekstraditsiya masalasini mustaqil sudlar hal qilishini aytdi.
«Shvetsiyada qonunchilik mustaqil sudlarga tayanadi. Shvetsiya fuqarolari ekstraditsiya qilinmaydi. Fuqaroligi bo‘lmaganlar boshqa davlat tomonidan yuborilgan so‘rov asosida topshirilishi mumkin, lekin bu Shvetsiya qonunchiligi hamda Yevropa konvensiyasiga zid bo‘lmasa», deydi Yuxansson.
Foto: BRENDAN SMIALOWSKI/AFP VIA GETTY IMAGES
Yevropa konvensiyasida esa insonlar qiynoqqa solinishi mumkin emas deb aniq qilib aytilgan. Turkiya ekstraditsiya qilinganlarni qiynamaslik bo‘yicha kafolat berishiga ishonish qiyin. 2016 yil amalga oshmay qolgan davlat to‘ntarishiga urinishdan keyin mahbuslar qamoqxonada ularni qanday qiynashgani haqida aytib bergan. Advokatlarning so‘zlariga ko‘ra, qamoqda ularning mijozlarining kallasini devorga urishgan, badanini kuydirishgan, so‘roq vaqtida bo‘g‘ishgan va hatto issiq asfaltga tizzalatib qo‘yishgan.
Shvetsiya Turkiya so‘rayotgan odamlarni qaytarishiga yana bir jihat to‘sqinlik qilishi mumkin. Gap shundaki, Shvetsiya allaqachon Turkiya tomoni ekstraditsiya borasida yuborgan 33 ta so‘rovdan 19 tasini ko‘rib chiqib, odamlarni topshirishni rad etgan. Mamlakat Oliy sudi esa ko‘rib bo‘lingan ishlarga qayta to‘xtalmaydi.
Finlandiya esa oxirgi 10 yilda Turkiyaga ikki kishini ekstraditsiya qilgan. Shvetsiya va Finlandiya mamlakatdagi kurdlarni Kurdiston ishchi partiyasiga aloqador deb topishi mumkin, bunga asos ham topiladi. Lekin ularni Turkiyaga topshirish uchun asos topilishi qiyin, chunki bu insonlar Turkiyada qiynoqqa soliniishi ehtimoli yuqori.
Ekspertlar fikricha, Rajab Erdo‘g‘an vaziyatni to‘g‘ri tushunyapti, u finnlar va shvedlar Turkiya terrorchi deb hisoblab, topshirishni so‘rayotgan odamlarni berishi qiyin ekanini ham biladi. Ammo keyingi yil mamlakatda saylovlar bo‘ladi, Turkiyada esa dunyoning deyarli barcha davlatlarida bo‘lgani kabi iqtisodiy holat yaxshi emas. Tahlilchilar Erdo‘g‘an ushbu vaziyatdan saylovdagi g‘alabasi yo‘lida foydalanib qolishini taxmin qilishmoqda. Ikki davlatga NATO yo‘lini to‘sish ham bu rejaning bir qismi bo‘lishi mumkin: muammosiz ish qilishni istasangiz, Turkiyaning ichki ishlarini tanqid qilmang, demoqchi bo‘lyapti Turkiya yetakchisi eskpertlar taxminicha.
Bulent Keneshning fikricha, Erdo‘g‘an o‘z tarafdorlariga u hamon kuchli ekanini ko‘rsatishni istamoqda: «Erdo‘g‘an shu tariqa o‘z o‘yinini o‘ynamoqda. Memorandum tuzish orqali ko‘rib qo‘yinglar, men G‘arb bilan mana shunday savdo qilaman, demoqchi tarafdorlariga».
Shimoliy Suriyadagi kurdlar vakili bo‘lgan Shiyar Ali Shvetsiyadagi kurdlar uchun barchasi yaxshi yakunlanishiga ishonmayapti. «Menimcha, baribir kimnidir Turkiyaga qaytarishadi. Necha kishi yuborilishi haqida esa bir narsa deya olmayman. Biz shved qonunchiligiga ishonamiz, lekin shu bilan birga kurdlar qaytimga beriladigan tangaga aylanib qolishini istamaymiz», deydi u.
Shvetsiyada doimiy yashash guvohnomasi olishiga ishonayotganlar esa o‘zidan kamroq xavotir olmoqda. Chunki bunday insonlar ekstraditsiya ob’ektiga aylanmasligi ehtimoli yuqori.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?