date

«Arsenal» yuragi Rays uchun «Real» 150 million to‘lashi mumkin

«Arsenal» yuragi Rays uchun «Real» 150 million to‘lashi mumkin

Angliya Premer-ligasida peshqadamlik qilayotgan «Arsenal» jamoasi atrofida so‘nggi paytlarda yangi transfer shov-shuvlari tinmayapti. Ispaniyaning eng nufuzli klublaridan biri — «Real» «kanonirlar» markaziy yarim himoyachisi Deklan Raysga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Fichajes nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, «qirollik klubi» mutasaddilari Raysning so‘nggi mavsumlardagi barqaror o‘yini va jamoa markazidagi salmoqli ta’siridan hayratda. Ular uni kelgusi mavsumda «Santyago Bernabeu»da ko‘rish niyatida.

Londonliklar esa bu ehtimoliy bitimni rad etmagan. Biroq ularning asosiy sharti bor — madridliklar Rays uchun kamida 150 million yevro taklif qilishi kerak. Bu esa transfer bozori uchun ulkan summa hisoblanadi.

Aslida «Arsenal» rahbariyati 26 yoshli yarim himoyachi bilan xayrlashishni xohlamayapti. Chunki Rays jamoa taktikasining markaziy bo‘g‘ini, o‘yinning ritmini belgilaydigan asosiy figura hisoblanadi. Biroq moliyaviy jihatdan bu kabi miqdordagi taklif klub uchun jiddiy imkoniyat bo‘lishi mumkin.

Deklan Rays hozirgi paytda nafaqat Angliya chempionatida, balki butun Yevropada eng barqaror o‘yin ko‘rsatayotgan yarim himoyachilardan biri sifatida tan olingan. Uning «Arsenal» bilan amaldagi shartnomasi 2028-yilning yozigacha amal qiladi.

Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, uning bozor qiymati 120 million yevroni tashkil etadi. Ammo «Real»ning transfer siyosatini hisobga olganda, madridliklar jamoa muvozanatini ta’minlaydigan o‘yinchi uchun yuqori to‘lovga tayyor bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tish joiz, Rays «Arsenal»ga 2023-yil yozida «Vest Xem Yunayted»dan 105 million funt evaziga kelgan edi. Bu transfer o‘sha paytda Premer-liga tarixidagi eng yirik bitimlardan biri bo‘lgan. Uning kelishi jamoaning o‘yin uslubiga yangi nafas olib kirdi — markazdagi barqarorlik, jismoniy ustunlik va hujumni boshlashdagi aniq paslar «kanonirlar»ga yuqori darajadagi raqobatchilikni ta’minlab berdi.

Hozirda Mikel Arteta jamoasi Premer-ligada peshqadamlikni saqlab turibdi va Yevropa miqyosida ham jiddiy raqobatchi sifatida qaralmoqda. Shu bois, Raysning ehtimoliy ketishi jamoa muxlislarini ikkilantirib qo‘ygan — bir tomondan katta mablag‘, ikkinchi tomondan esa taktik barqarorlik yo‘qotilishi xavfi.

Tomonlar o‘rtasida muzokaralar hali rasman boshlanmagan bo‘lsa-da, madridliklar bu transferni 2026-yilning yozgi oylariga rejalashtirayotgani ma’lum qilingan.

Shu tariqa, kelgusi mavsum transfer bozoridagi asosiy intriga «Arsenal» yulduzi Deklan Raysning taqdiri bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Arsenal» yuragi Rays uchun «Real» 150 million to‘lashi mumkin