Mussa Dadis Kamara Foto: Diallo Abdoul Aziz / AP
Gvineya poytaxti Konakrida qurollangan shaxslar sobiq prezident Mussa Dadis Kamarani qamoqdan chiqarib oldi. Bu haqda France Press xabar berdi. Ammo, bir necha soatdan keyin hukumat vakillari uni yana qo‘lga oldi.
Qayd qilinishicha, erta tongda birinchi o‘q ovozlari eshitilgan, bir necha soatdan keyin ular yana takrorlangan. Qurbonlar va otishma sabablari haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, otishma qamoqxona hududida sodir bo‘lgan. Qurollangan shaxslar to‘rt nafar mahbusni ozod etishga muvaffaq bo‘lgan.
«Konakridagi qamoqxonadan mijozim Mussa Dadis Kamara bilan bog‘liq qochish sodir bo‘lganini bildim», dedi sobiq davlat rahbari advokati Jokey Xaba.
Keyinchalik mahalliy armiya vakili mahbus qo‘lga olingani haqida nashrga xabar bergan.
«Kapitan Mussa Dadis Kamara tirik va sog‘-salomat holda topildi. U yana qamoqxonaga qaytarildi», dedi u voqea tafsilotlariga to‘xtalmasdan.
Mussa Dadis Kamara 2008 yilda davlat to‘ntarishi oqibatida hokimiyat tepasiga kelgan va 2010 yilgacha Gvineya prezidenti bo‘lgan. Keyin jinoiy ta’qibdan yashirinib, bir necha yil chet elda yashagan. Kamara 2021 yil oxirida Gvineyaga qaytdi. 2022 yilda sobiq prezident va uning tarafdorlariga qarshi sud jarayonlari boshlandi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring