Gvineyada chiqindi poligoni quladi

Gvineyada chiqindi poligoni quladi

Gvineya poytaxti Konakrida kuchli yomg‘ir ortidan chiqindi poligonida ko‘chki yuz berdi. Fojia oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘lgan, yana 22 kishi jarohatlangan. Ulardan olti nafari og‘ir, 16 nafari esa yengil jarohat olgan.

Hodisa 23 avgust kuni tonggi soat taxminan 02:00 da Konakrining Gbessiya kommunasidagi Dar-es-Salam chiqindi poligonida sodir bo‘lgan. Kechasi yog‘gan kuchli yomg‘ir natijasida ulkan chiqindi uyumi o‘pirilib, uning yaqinidagi chodirlar, vaqtinchalik uylar va boshqa turar joylarni bosib qolgan.

Qutqaruvchilar voqea joyiga maxsus texnika va ekskavatorlar bilan yetib kelib, vayronalar ostida qolgan odamlarni izlashga kirishgan. Jarohatlanganlarning bir qismi Konakridagi Donka universitet shifoxonasiga olib borilgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, qulagan chiqindi massasi shu qadar katta bo‘lganki, yaqin atrofdagi uy-joylar va hatto ko‘p qavatli binolardan birini ham ko‘mib yuborgan. Mahalliy aholi vakili Sire Diallo esa fojia oqibatida besh nafar farzandining barchasidan ayrilganini bildirgan.

Fojia hukumat poligon xavfli ekanidan ogohlantirganidan bir necha kun o‘tib sodir bo‘lgan. 20 avgust kuni mamlakat hududiy boshqaruv vaziri Jenabu Ture poligon yopilishi va chiqindilar Konakridan tashqari hududga ko‘chirilishini ma’lum qilgan edi.

Gvineya Bosh vaziri Amadu Uri Bah voqea joyiga borib, vaziyatni ko‘zdan kechirdi va qutqaruv ishlarini nazorat qildi. Hukumat aholini xotirjamlikni saqlash, birdam bo‘lish hamda qutqaruv xizmatlari ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.

Gvineyada chiqindi poligoni quladi
Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar