AQSHda homilador mahbus qo‘riqchilar gamburger yeyayotganda qochib ketdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Nyu-Meksiko shtatida 26 yoshli homilador mahbus Rebekka Teylor qamoqxona xodimlari ovqatlanish uchun to‘xtagan vaqtda ularning xizmat avtomobilini olib qochdi.
- Hodisa vaqtida ayolga homiladorligi sababli kishan solinmagan bo‘lib, u Dodge Journey rusumli mashinada qochishga muvaffaq bo‘ldi.
- Keyinchalik avtomobil Albukerke shahrida tashlab ketilgan holda topildi, biroq uch kun o‘tganiga qaramay, qidiruv ishlari hali ham natija bermadi.
AQSHning Nyu-Meksiko shtatida homilador mahbus qamoqxona xodimlarining e’tiborsizligidan foydalanib, ularning xizmat avtomobilini haydab qochdi. Qamoqxona xodimlari ayolni tibbiy ko‘rikdan olib qaytayotgan vaqtda yo‘lda gamburger yeyish uchun to‘xtagan. Mahbus esa aynan shu vaziyatdan foydalangan. Hodisadan uch kun o‘tgan bo‘lsa-da, uning qayerdaligi hanuz noma’lum. Bu haqda NBC News xabar berdi.
26 yoshli Rebekka Teylor bir nechta avtomobilni o‘g‘irlagani uchun olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. U Grants shahridagi jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan bo‘lgan. 25 noyabr kuni ertalab esa homiladorligi sababli tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun Albukerke shahriga olib borilgan.
Tibbiy ko‘rik yakunlangach, mahbusni qamoqxonaga qaytarish uchun yo‘lga chiqishgan. Biroq yo‘l-yo‘lakay uch nafar qamoqxona xodimi ovqatlanish maqsadida Whataburger tez ovqatlanish shoxobchasiga to‘xtagan. Bu vaqtda Teylor tibbiy ko‘rikka olib borilgan yana bir mahbus ayol bilan birga Dodge Journey rusumli xizmat avtomobilida qolgan.
Shu paytda u xavfsizlik kamarini yechib, haydovchi o‘rniga o‘tirgan va mashinani haydab ketgan. U bilan birga bo‘lgan ikkinchi mahbus esa qochishga qo‘shilmagan. Hozircha ayol avtomobildan o‘z xohishi bilan tushganmi yoki Teylor uni mashinadan chiqishga majbur qilganmi, bu haqda aniq ma’lumot yo‘q.
Ma’lum bo‘lishicha, qochish vaqtida Teylor homiladorlikning ikkinchi oylik davrida bo‘lgan. Nyu-Meksiko jazoni ijro etish xizmati matbuot kotibi Brittani Rombaxning aytishicha, homiladorligi sababli ayolga yo‘l davomida kishan solinmagan.
«Homiladorligi sabab yo‘lda unga kishan solinmagan. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa yuz bergan paytda xodimlardan biri avtomobil yonida bo‘lgan, ichida emas», — dedi Brittani Rombax.
Qochib ketgan mahbusni qidirish ishlari davom etmoqda
Hodisadan taxminan bir soat o‘tgach, Teylor haydab ketgan xizmat avtomobili Albukerke shahrida tashlab ketilgan holda aniqlangan. Bir necha soatdan keyin esa mashinadan xizmat telefoni va mahbusga tegishli to‘q sariq rangli qamoqxona kiyimi ham topilgan.
Shundan so‘ng huquq-tartibot idoralari ayolning qayerga ketganini aniqlash uchun keng ko‘lamli qidiruv ishlarini boshlagan. Jumladan, Albukerkedagi avtobuslar, poyezdlar va boshqa jamoat transporti vositalari tekshirilgan. Biroq o‘tkazilgan tekshiruvlar hozircha natija bermagan.
27 noyabr holatiga ko‘ra, politsiya Rebekka Teylor hali shaharni tark etmagan bo‘lishi mumkin, degan taxminga kelgan. Huquq-tartibot xodimlari uni oxirgi marta ko‘rishgan Albukerkedagi janubi-g‘arbiy hududlarda qidiruv olib bormoqda.
Shuningdek, tergov doirasida mahbusning qamoqxonadan turib amalga oshirgan telefon qo‘ng‘iroqlari ham tekshirilmoqda. Bundan tashqari, uning ehtimoliy qochish rejasi va qayerga yo‘l olganini aniqlash maqsadida boshqa mahbuslardan ham ko‘rsatmalar olinmoqda.
Hozircha uch kundan beri qidirilayotgan Rebekka Teylorning qayerdaligi noma’lumligicha qolmoqda.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…