07:27 / 07.03.2024
377

Dnestrbo‘yi Rossiyadan yordam so‘ramoqda. Rossiya tomonidan yordam beriladimi?

Dnestrbo‘yi Rossiyadan yordam so‘ramoqda. Rossiya tomonidan yordam beriladimi?
28 fevral kuni tan olinmagan Dnestrbo‘yi respublikasi himoya va iqtisodiy yordam so‘rab Rossiyaga murojaat qildi. Xo‘sh, xalqaro huquqqa ko‘ra Moldovaga tegishli bu hudud bo‘yicha nizo qachon, qay tarzda boshlangan, mojaroning hozirgi holati qanday? Bu boradagi savollarga “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Jahongir Akramov va Kamoliddin Rabbimov javob berdi.

— Avvaliga Dnestrbo‘yi bilan bog‘liq mojaro tarixiga to‘xtalsak.

Jahongir Akramov
: — Dnestrbo‘yi tarixi Rossiyaning Usmonli turklar bilan munosabatlari tarixiga borib taqaladi. Bu yerlarda oldindan bir nechta xalqlar aralashib yashagan, rumin xalqlari, Valaxiya knyazligi bo‘lgan, turkiy qipchoq va bijanaklar bo‘lgan. Rus-turk urushi natijasida 19-asrdan boshlab Bessarabiya knyazligi Rossiya tarkibiga o‘tadi va shu davrda Rossiya bu hududda ichki aholi tarkibini ruslashtirish uchun Rossiya ichkarisidan rus va boshqa millatlarni ko‘chirib o‘tkazadi. Birinchi jahon urushida Rossiyaning og‘ir ahvolidan foydalangan Ruminiya Bessarabiyaning katta qismini o‘ziga qo‘shib oladi. 1924 yilda Bessarabiyada Moldova sovet respublikasi tuzish ilgari suriladi, bundan maqsad Rossiya imperiyasining oldingi hududlarini qaytarish edi. 1940 yilda G‘arbiy Yevropa urush bilan band bo‘lib turganda Rossiya Ruminiyadan Bessarabiyani qaytarishni talab qiladi va hududni qaytib oladi. Bu hududda Moldova sovet respublikasi tashkil etiladi.

Moldovan millati degan tushuncha nisbiy, chunki ular ruminlar bilan deyarli bitta millat. Ruminlardan ajratish siyosati bilan yozuvini kirill yozuviga o‘tkazgan SSSR hukumati. 1985 yildan keyingi qayta qurishda Moldaviyada rumin tilini qayta tiklash masalalari ko‘tariladi va Rossiya tomondan, boshqa joylardan ko‘chib kelgan Dnestrbo‘yi aholisi bundan xavotirlandi, huquqlarimiz poymol bo‘ladi deb o‘ylashdi va bu millatchilik kurashiga olib keldi.

Kamoliddin Rabbimov: — Gorbachyov hokimiyatga kelgach, qayta qurish boshlandi, bu esa Sovet ittifoqida muzlab yotgan muammolar erishiga, milliy davlatlardagi bahsli hududlar, separatizmga moyil hududlarda konfliktlar boshlanishiga yo‘l ochadi. Sovet ittifoqidagi eng kichik respublikalardan biri Moldova edi. Moldova tashkil topayotganda Ukrainaning ma’lum bir qismi qo‘shib berilgan. 80 yillar oxiri, 90 yillar boshida Dnestr daryosi bo‘yidagi hududlarda nega biz Moldova tarkibida qolishimiz kerak, degan separatizm tendensiyasi boshlanadi. Dunyodagi separatizm asosida muhim o‘zlik turadi: diniy boshqacha qarash, til bilan ajralib turish, etnik ajralib turish kabi omillar. Lekin Dnestrbo‘yida moldovanlar, ruslar va ukrainlar bor, lekin siyosiy elita ko‘proq Moskvaga siyosiy yo‘nalish olgan.

1992 yildan boshlab bu yerda kattagina urush bo‘ladi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, yuzlab-minglab odamlar halok bo‘lgan. Moldovaga qo‘shilmagan o‘sha davrdan o‘zi Moldovaning aholisi ham 2,5 mlndan oshiq, ko‘p emas. Maydoni esa juda kichkina, 33 ming 846 km/kv , O‘zbekistondan taxminan 15 barobar kichik. Dnestrbo‘yi esa oxirgi vaqtlarda Moldovaga, YEI, Ruminiyaga va Ukrainaga ta’sir qilish vositasi bo‘lib qolgan.

— Dnestrbo‘yi rasmiylarini Rossiyadan yordam so‘rashga nimalar majburlamoqda va ularning asosiy talablari nima? Gagauziya masalasiga ham to‘xtalib o‘tsak.

Kamoliddin Rabbimov
: — Yuqorida Dnestrbo‘yi Rossiya uchun Moldova va Ukrainani qamalda ushlash geosiyosiy vositasi deb aytdik. 1992 yildagi Moldovaga qo‘shilmaslik uchun rus millatchilari qilgan urushda Rossiyaning qo‘li bo‘lgan, shu bilan birga ukrain millatchilari ham urushgan. Lekin bugungi vaziyat boshqa, Rossiya va Ukraina bir-biriga qarshi.

Dnestrbo‘yida Rossiyaning harbiy bazasi mavjud, kamida mingdan ortiq harbiylar bor. 2022 yilgacha Rossiya harbiylari Moldova yoki Ukraina orqali kirib chiqar edi bu bazaga, hozir esa ikki davlat ham Rossiya harbiylarini kiritmaydi o‘z hududiga. Shu sababli harbiylar oddiy fuqaro ko‘rinishida kirib chiqyapti va harbiy bazani saqlab turibdi, chunki bu baza Dnestrbo‘yini ushlab turish vositasi. Dnestrbo‘yida juda katta GES bor, bu GES Moldova elektr energiyasi ehtiyojlarining 80-85 foizini qoplashi aytiladi, shu sabab Moldova boshqa muqobil elektr energiyasi manbalarini izlayapti.

Moldova – demokratik davlat. Oldingi hokimiyat rossiyaparast edi. Moldovaning demokratik ekani uning Dnestrbo‘yi borasidagi loyihalari kordinal o‘zgarib turishini anglatadi. Oldingi rossiyaparast hokimiyat davrida Putin Dnestrbo‘yini Moldovaga qo‘shib berishga qarshi emasdi, faqat hukumat rossiyaparast bo‘lishi edi talab. Rossiya davlat mulozimi Dmitriy Kazak taklifiga ko‘ra, Moldovani federallashtirib, butun Moldovani Rossiya tomonidan nazorat qilish loyihasi ishlab chiqilgan edi. Ukrainada federalizatsiya yaxshi amalga oshdi Rossiya uchun. Dnestrbo‘yidagi parokandalikning yana bir sababi, tashqi dunyo, xususan YEI bu muammoga aralashish niyatida emas. Moldovaning o‘zi ham urushish niyatida emas, chunki Dnestrbo‘yida katta qurol-yarog‘ zaxirasi bor. Moldova imkoni bo‘lganda bosqichma-bosqich qo‘shib olishni ko‘zlayapti.

Jahongir Akramov: — Rossiya tomonidan taklif etilgan federallashtirishga Moldova rozi bo‘lmadi, chunki mamlakat uch boshli organizmdek bo‘lib qoladi deyishdi. 2022 yilda Ukraina urushi boshlanishi bilan vaziyat umuman o‘zgardi. Hozir Dnestrbo‘yida hech narsa bo‘layotgani yo‘q keskin tarzda, hozirgi jar solishdan maqsad shuki, e’tibor qaratish orqali muzokaralarga qaytish, qaysidir ma’noda yashab qolish. Chunki Moldova hukumati tinch integratsiyani boshlagan edi.

Ukrainada urush, Dnestrbo‘yida ishlab chiqariladigan mahsulotlarning 70 foizi YEIga boradi, yagona yo‘l Moldova orqali o‘tish. Ilgari Moldova bu yerdan bojxona to‘lovlari olmasdi, lekin alohida boshqaruv tizimini talab qilayotgani uchun Moldova ham endi bojxona to‘lovi to‘laysiz, degan talab qo‘ydi, endi Dnestrbo‘yidagi biznesga katta zarba bo‘lyapti bu. Bundan tashqari, Moldova JKga separatizm bo‘yicha ham modda kiritildi, shu sabab Dnestrbo‘yidagi ba’zi separatistlar o‘tmayapti ham Moldovaga. Dnestrbo‘yida faol separatizm harakatlari kuzatilmayotganiga sabab geografik joylashuv, geosiyosiy vaziyat va iqtisodiy omillar. Dnestrbo‘yining asosiy savlo hamkori YEI va YEI Moldovaning demokratik hukumati tomonida.

Gaguzlar rus-turk urushidan keyin 19-asr boshlarida Bolqondan ko‘chirilgan xalqlar hisobiga paydo bo‘lgan, Rossiya imperiyasi ulardan Usmonli turklarga qarshi kurashda doimiy foydalanishga harakat qilgan. Qayta qurish davrida Gagauziya davlatini tuzish, milliy o‘zlikni anglash harakatlari boshlangan, lekin Dnestrbo‘yidagi kabi faol, qurolli darajaga chiqmagan. Umuman olganda, Gagauziyada separatizm yo‘q.

— Mojaroning xalqaro huquqiy bahosi qanday?

Kamoliddin Rabbimov
: — Bu o‘rinda avval Rossiyaning niyati nima, degan savolni qo‘yish kerak. Har bir davlatning o‘z resurslari bo‘ladi, masalan, YEI, AQSH kabilar iqtisodiy, harbiy qudratli davlatlar. Resurs nuqtayi nazaridan hokimiyat amalga oshirishning bir qancha usullari bor: kuch ishlatish, majburlash, rag‘batlantirish kabilar. Rossiyada bunday resurslar ancha cheklangan. Rossiyaning postsovet hududidagi davlatlarga ta’siri separatizm bo‘lgan. Ya’ni sen menga bo‘ysunmasang, men ichki muammolaringni qo‘llab rivojlantiraman, degan pozitsiya. Moldovada ham shunday bo‘lyapti, Dnestrbo‘yiga tinchlikparvar deb harbiylarini kiritdi, endi chiqarmaydi, vosita sifatida ushlab turadi. Rossiya uchun Dnestrbo‘yi kabi kichik hudud elitasini ta’minlash va qo‘llash muammo emas. Dnestrbo‘yidagi aholining kamida 2 ta pasporti bor: Rossiya va Moldova, ba’zilarida Ruminiya, Ukraina pasportlari ham bor.

Xalqaro qonunchilikka ko‘ra, Dnestrbo‘yini hech bir davlat tan olmaydi. Chunki bu Moldova hududi sifatida tan olingan, Markaziy Osiyo davlatlari ham Dnestrbo‘yini Moldova tarkibiy qismi sifatida tan oladi. 2 ta tamoyil (qadriyat) bor: davlatlarning hududiy yaxlitligi va xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi bu — ikkalasi bir-birini inkor qiladi. Xalqaro huquqqa ko‘ra, qachonki markaziy hokimiyat tomonidan bir millatga, xalqqa nisbatan tizimli bosimlar bo‘lsa, shunda hududiy yaxlitlik masalasi chetga surilib, xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi ustuvor bo‘ladi. Lekin bu vaziyatda Moldova tomonidan Dnestrbo‘yiga repressiya yo‘q, Rossiyaning o‘yini bo‘lyapti faqat. Xalqaro qonunchilik Moldova tomonida.

— Dnestrbo‘yida Rossiyaning potensial ta’siri qay darajada va Moskva uchun strategik ahamiyati qanday?

Jahongir Akramov
: — Sovet ittifoqi parchalangach, bu yer sobiq ittifoq davlatlarini ta’siriga olish uchun kerak edi Rossiyaga. Ikkinchi tomondan esa sovuq urush davrida bu hududlarda juda katta harbiy ombor tashkil etilgan, shu ombor xavfsizligi haqida ham o‘ylashadi, degan qarashlar bor. YEI va Moldovada Ukraina urushi boshlangach, Rossiyaga nisbatan munosabat keskin o‘zgargan. Rossiyaning ta’sir vositasini yo‘qotish bo‘yicha o‘ziga xos konsepsiya bor, Moldova sekin-asta bu hududni reintegratsiya qilmoqchi. Moldova hududida Dnestrbo‘yining mashina raqamlari bilan yurish taqiqlandi, turli soliqlar joriy qilinyapti, bu esa Dnestrbo‘yining Moldovaga, YEIga integratsiyalashuvini tezlashtiradi.

— Mintaqadagi ehtimoliy sodir bo‘ladigan siyosiy va harbiy jarayonlar qaysi omillarga bog‘liq?

Kamoliddin Rabbimov
: — Menimcha, ikki muhim nuqta bor. Birinchisi, Kremldagi ma’lum bir geosiyosiy loyihalar. Medvedev Sochida yoshlar bilan uchrashuvda Dnestrbo‘yi haqida alohida gapirgan, bu hudud Rossiyaning strategik manfaatlari bilan bog‘liq va biz bundan voz kechmaymiz, degan ma’noda gapirgan. Bundan kelib chiqadiki, Rossiya Dnestrbo‘yini muhim vosita sifatida biladi va iloji boricha ta’sirini kuchaytirishga urinadi deb o‘ylash mumkin. Lekin aniq shunday rejasi bor deyishga dalillarimiz yo‘q.

Rossiya siyosiy elitasi Moldova va Ukrainaga bosim sifatida bu hududni va undagi Rossiyaga moyil siyosiy elitani nazoratida ushlashga harakat qiladi. Qrim anneksiyasi paytida Rossiya Ukrainaning Qora dengizga chegaradosh yerlarini o‘ziga qo‘shib olmoqchi edi, agar shunday bo‘lsa bu qo‘shib olish Dnestrbo‘yiga kelib ulanadi va shunga harakat qilyapti Rossiya. Propagandachilar tomonidan ham biz urushda endi to‘liq g‘alabagacha boramiz, qo‘limiz baland kelyapti, degan gaplar aytilyapti. Rossiya tomonidan Dnestrbo‘yiga e’tibor kuchayadi, Ukraina frontda yengilsa, Rossiya nazoratidagi Ukraina yerlari va Dnestrbo‘yi qo‘shib yuboriladi.

Rossiya postsovet hududidagi davlatlarning hududiy yaxlitligini o‘zi uchun qonuniyat sifatida ko‘rmagan. U faqat ichkaridagi ziddiyatlar, chegaralardagi muammolarni siyosiy vosita sifatida biladi.

Jahongir Akramov: — 2024 yilda Moldovada prezidentlik saylovi bo‘ladi, 2025 yilda esa parlamentga saylovlar bo‘ladi. Rossiya shu saylovlarda amaldagi demokratik kuchlarning yutqazishiga harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin, chunki Dnestrbo‘yidagilar ham saylash huquqiga ega.

Hozirda Isroilda yashovchi moldovalik Ilan Shor degan oligarx bor, Moldova, Yevropada unga jinoiy ishlar ochilgan, u hozir Moskvaga serqatnov bo‘lib qolgan. Shu odamning guruhi bilan sotsialistlar yetakchisi Igor Dodonning norasmiy ittifoqi tuzilishi uchun ham harakatlar bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Shu sababli amaldagi prezident Mariya Sandu YEI bilan strategik qo‘shilishni referendumga qo‘ymoqchi, bu esa prezident obro‘sini oshiradi. Lekin saylovgacha ham reintegratsiya bo‘yicha qarorlar, ishlar o‘z natijasini berishi ehtimoli katta, ya’ni aholi siyosiy ongiga ta’sir qiladi. Doimiy tan olinmagan Respublika bo‘lishdan, ozod demokratik davlat fuqarosi bo‘lish yaxshiroq ekanini anglashsa kerak.

YEIning pozitsiyasi – Moldovaning hududiy yaxlitligini tan olish, iqtisodiy va boshqa jihatdan yordam berish. 2022 yilda Moldova YEIga kirishga nomzod bo‘ldi, 2023 yildan muzokaralar boshlandi. Bu uzoq jarayon, lekin Mariya Sandu 2030 yilgacha YEI a’zosi bo‘lishni strategik maqsad qilib qo‘yganini aytgan. Oxirgi yillarda moldaviyaliklar Rossiyada ishlashdan ko‘ra YEIda ishlashni ma’qul ko‘rishyapti, bu ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Yaqin kelajakda postsovet hududidagi davlatlarda ham hududiy va boshqa nizolar kamayib, ochiq, demokratik, bir-birining hududiy yaxlitligini hurmat qiladigan davlatlarga aylanishadi deb umid qilamiz.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo