00:02 / 12.07.2024
248

Erdo‘g‘an g‘arbni Rossiya bilan mojaroni «nazoratsiz avj oldirish»da aybladi

Erdo‘g‘an g‘arbni Rossiya bilan mojaroni «nazoratsiz avj oldirish»da aybladi
Erdo‘g‘an NATO sammitida. Foto: tmgrup.com.tr
G‘arb davlatlarining Rossiyaga nisbatan salbiy munosabati Ukrainadagi harbiy mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga xalaqit berib, urush «nazoratsiz avj olishi»ga sabab bo‘lmoqda, degan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an.

«G‘arblik ayrim ittifoqchilarning munosabati olovga yog‘ sepgandek bo‘ldi. Bu Ukrainaga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirdi», — degan Erdo‘g‘an Newsweek jurnaliga bergan intervyusida. Uning qayd etishicha, NATOning boshqa davlatlaridan farqli o‘laroq, Turkiya «tinchlikni yaqinlashtirish uchun mojaroning har ikki tomoni bilan ham muloqot o‘tkazmoqda».

«Tabiiyki, biz Rossiya prezidenti Vladimir Putinning har qanday gapiga ham ko‘navermaymiz. Lekin bizda masalalarni muhokama qilib, ularni hal qilishning negiziga kirishish imkoniyati bor», — degan Erdo‘g‘an. U 2022 yilda Turkiya Anqara va Istanbulda tomonlarga sulh muzokaralari uchun maydon ajratganini eslatib o‘tgan.

Turkiya prezidenti hozirgi holatda NATO va Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri ziddiyat xavfi paydo bo‘layotganidan xavotirda ekanini ma’lum qilgan. «Bunday oqibatlarga olib keladigan har qanday qadamlardan ongli ravishda voz kechish kerak», — deb ta’kidlagan Turkiya yetakchisi.

Bungacha Erdo‘g‘an Putin tinchlikni istab turgan bir paytda G‘arb davlatlarini Ukrainadagi mojaro bilan bog‘liq vaziyatda uchinchi jahon urushini keltirib chiqarishga urinayotganlikda ayblagan edi.

O‘z navbatida, Turkiya prezidenti Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni yakunlashga imkon beradigan murosa uchun «asos yaratish»ga tayyor ekanini bildirgan. Uning qayd etishicha, avvaliga Moskva va Kiyev o‘t ochishni to‘xtatishga kelishishlari mumkin, shundan so‘ng har ikki tomonni qoniqtiruvchi adolatli sulh shartnomasi sari yuz tutishadi.

Iyun oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan SHHT rahbarlari sammitida Erdo‘g‘an Putinni «imkon qadar tezroq» Turkiyaga mehmonga kelishga chorlagan edi. RIA Novosti'ning turk diplomatlari orasidagi manbalarining ma’lumotiga ko‘ra, Turkiya Putinga Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy bilan sulh shartnomasiga kirishishni taklif etishga hozirlanmoqda. Bu holatda Turkiya tomonlarning hech biriga mojaroni hal qilish bo‘yicha o‘z g‘oyalarini taqdim etmaydi, shunchaki «zarur vositachilik» qiladi. Shuningdek, Erdo‘g‘an Rossiya va Ukraina ishtirokidagi tinchlik sammitini tashkillashtirishni ham taklif qilgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Erdo‘g‘an g‘arbni Rossiya bilan mojaroni «nazoratsiz avj oldirish»da aybladi