0
AQSh davlat kotibi: odamlarni Ukraina barcha hududlarini qaytarib olishiga ishontirish notoʻgʻri edi
AQSh davlat kotibi Marko Rubio tinchlik bitimi tuzishda Rossiya ham, Ukraina ham yon berishi lozimligini yana bir bor ta'kidladi. U bu haqda jurnalist Megin Kelliga bergan intervyusida aytib oʻtgan.
Rubio Vladimir Putin qilgan ishlarning barchasi qoʻrqinchli boʻlsa-da, hozirda yuzaga kelgan reallik — urush boshi berk koʻchaga kirib qolgani hamda tinchlik muzokaralariga urinmasdan Ukrainani moliyalashtirishda davom ettirish faqat yangi vayrongarchiliklarga va qurbonlarga olib kelishida ekanini aytgan.
«Ukraina 100 yil ortga uloqtirildi, uning energetikasi yakson etildi. Buni tiklash uchun kimdir toʻlashi kerak boʻladi. Koʻplab ukrainlar boshqa mamlakatlarga ketishdi va hech qachon qaytmasliklari mumkin. Bu borada mamlakat kelajagi xavf ostida. Prezident nuqtayi nazaridan, bu uzoqqa choʻzilgan mojaro va unga barham berish kerak. Muzokaralar kerak va muzokaralarda ikki tomon ham nimadandir voz kechishi kerak.
Biz qandaydir tarzda odamlar Ukraina nafaqat Rossiyani magʻlub etishga qodirligi, balki barchasini 2012 yil yoki Rossiya Qrimni egallab olgan 2014 yilgacha boʻlgan holatga qaytara olishiga ishonishiga yoʻl qoʻyishimiz notoʻgʻri boʻlgan», deydi u.
Rubio Donald Tramp barqaror tinchlikka erishishni oʻzining asosiy vazifasi sifatida bilishini ta'kidlagan. U Putin va Volodimir Zelenskiydan qaysi birining pozitsiyasi buni amalga oshirishda katta toʻsiq hisoblanishi haqidagi savolga aniq javob bermagan. U faqat keskin bayonotlar koʻpincha ichki siyosiy maqsadlar uchun qilinishi, tomonlarning real pozitsiyalari esa boshqacha boʻlishi mumkinligini bildirgan. «Hatto Putin, mediani nazorat qiladigan shaxs ham Rossiyadagi jamoatchilik fikridan xavotirlanadi», — deydi Rubio.
Davlat kotibi kelishuvga faqat Tramp rahbarligidagi AQSh vositachiligida erishish mumkinligi toʻgʻrisida fikr bildirib, buning uchun hali «koʻp mehnat qilinishi» lozimligini ta'kidlagan. «Bu oson boʻlmaydi va ma'lum vaqt talab etadi», — degan u.
Urushning dastlabki yillarida izchil ravishda urush faqat Ukrainaning xalqaro tan olingan barcha hududlari (shu jumladan Qrim) ustidan nazoratni tiklash bilan tugashi kerakligini ta'kidlagan Zelenskiy 2024 yilning kuzidan boshlab ritorikani yumshatdi va Ukraina hududlarining bir qismi de-fakto Rossiya Federatsiyasi nazorati ostida qolishi ehtimoliga koʻna boshladi. Shu bilan birga, Zelenskiy Ukraina yuridik jihatdan oʻz hududlarini topshirishini tan olmasligini ta'kidlaydi.
Putin esa 2022 yil kuzida Ukrainaning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan toʻrt oblasti (Donesk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya) toʻligʻicha Moskva nazoratiga oʻtishi kerakligini ta'kidlab keladi. U muzokaralarga tayyorligini bildirgan, lekin Zelenskiyni «nolegitim» prezident deb atagan va tinchlik shartnomasini u imzolashiga rozi boʻlmaydi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar