
Sidney universiteti olimlari olib borgan yangi tadqiqotga ko‘ra, kuniga atigi uch daqiqa davom etadigan o‘rtacha jismoniy faollik ham keksa yoshli odamlarda yurak-qon tomir kasalliklari xavfini va o‘lim ehtimolini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin ekan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, oldingi ko‘plab tadqiqotlar natijasida insonlar hatto maxsus mashqlar bilan shug‘ullanmay turib ham sog‘lig‘ini yaxshilashi mumkinligi aniqlangan. Bunda uy ishlarini bajarish, do‘konga borib-kelish yoki bog‘da ishlash kabi kundalik oddiy faollikning o‘zi ham katta ahamiyatga ega. Olimlar bunday oddiy va maxsus tayyorgarlikni talab qilmaydigan harakatlarni «tasodifiy jismoniy faollik» deb atagan.
Yangi tadqiqot doirasida Sidney universiteti olimlari o‘rtacha yoshi 62 bo‘lgan 24 mingdan ortiq odamning hayot tarzini o‘rganib chiqqan. Ma’lumotlar inson biologik namuna va ma’lumotlarining yirik xalqaro ombori bo‘lgan Britaniya Biobankidan olingan.
Ishtirokchilar dastlab o‘zlarini kamharakat deb hisoblagan. Biroq ularning haqiqiy jismoniy faolligini aniqlash uchun har bir ishtirokchi bir hafta davomida bilagiga maxsus akselerometr qurilmasini taqib yurgan. Ushbu qurilma odamning harakatlarini aniq o‘lchashga imkon beradi.
Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, kuniga atigi uch daqiqa o‘rtacha intensivlikda harakat qilgan insonlarda infarkt, insult va boshqa turdagi yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanish xavfi ancha pasaygan. Shu bilan birga, kunlik harakatning davomiyligi va faollik darajasi ortgan sari, sog‘liq ko‘rsatkichlari yanada yaxshilangan.
Qiziqarlisi, tadqiqot davomida ayollarning erkaklarga nisbatan tasodifiy jismoniy faollik bilan ko‘proq shug‘ullanishi ham aniqlangan. Olimlar buni ayollarning uy yumushlari va kundalik ishlarga ko‘proq jalb qilinishi bilan izohlamoqda.
Tadqiqot mualliflari kundalik oddiy harakatlarning ahamiyatini hech qachon past baholamaslik kerakligini alohida ta’kidlaydi. Ovqat tayyorlash, uy tozalash yoki bog‘dagi oddiy ishlar kabi kundalik faollik yoshi katta insonlar uchun yurak salomatligini saqlashda muhim o‘rin tutadi. Olimlarning xulosasiga ko‘ra, hatto keksa yoshda ham mana shunday kichik faolliklar inson umrini uzaytirib, sog‘lom hayot kechirish imkonini beradi.
O'zbekiston yangiliklari Sidney universitetijismoniy faollikyurak kasalliklarikeksa yoshBritaniya Biobank Futbol Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar