
2025 yil 7 may kuni Ostona shahrida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali harbiy parad bo‘lib o‘tdi. Ushbu tarixiy sana munosabati bilan o‘tkazilgan yirik tadbir Qozog‘iston uchun nafaqat ulug‘vor xotira ramzi, balki zamonaviy armiyasining salohiyatini namoyon etuvchi voqea bo‘ldi.



Paradda Qozog‘iston Qurolli Kuchlarining barcha bo‘linmalari, harbiy tuzilmalar, maxsus ta’lim muassasalari va ichki mudofaa-sanoat kompleksining yangi ishlanmalari namoyish qilindi. 4 mingdan ziyod harbiy xizmatchi, 200 dan ortiq zamonaviy texnika, 66 ta harbiy aviatsiya vositalari – paradning tantanavor va shiddatli ruhda o‘tishiga hissa qo‘shdi.



Maxsus kolonna tarkibida ilk bor “Buk” va “Tor” zenit-raketa komplekslari, “Baris”, “Alan”, “Aybar”, “Taimas”, “Terrex” kabi yuk tashuvchi va jangovar texnikalar namoyon bo‘ldi. Minadan tozalash uchun mo‘ljallangan robot texnikasi, uchuvchisiz uchish apparatlari, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlanayotgan yangi loyihalar ham tomoshabinlarga taqdim etildi.



Tadbirning aviashou qismi ham tomoshabop manzaraga aylandi. Su-30SM qiruvchi samolyotlari, A-400 va L-410 kabi harbiy va yo‘lovchi samolyotlar, Bi-300 patrul samolyoti va turli turdagi vertolyotlar Qozog‘iston havo hududi ustidan shiddat bilan uchib o‘tdi.



Paradda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ishtirok etib, o‘z nutqida Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning Qozog‘iston milliy tarixidagi ahamiyati va buni qadrlash zarurligi haqida to‘xtaldi. Shuningdek, davlat rahbari mazkur sana xalqning fidokorona mehnati va jasorati ramzi ekanini ta’kidladi.



Tadbirda Vetnam Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Bosh kotibi To Lam ham ishtirok etdi. Qariyb 5 ming mehmon — jumladan, urush faxriylari, diplomatik korpus va jamoat tashkilotlari vakillari paradni jonli kuzatdi. Bundan tashqari, barcha viloyatlarda paradning onlayn translyatsiyasi amalga oshirildi.



Ostonaning markaziy maydonidagi ushbu shonli tadbir tarixiy xotira va zamonaviy harbiy salohiyatning uyg‘unligi sifatida Qozog‘iston armiyasining qudratini yana bir bor namoyon etdi.



Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati
Ostona ShahriG‘alaba YilligiHarbiy ParadQozog‘iston Qurolli KuchlariTarixiy SanaMaxsus Texnika O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar