Millionlab gullardan yaratilgan ulkan san’at asarlari bir necha kunda yo‘q qilindi

Millionlab gullardan yaratilgan ulkan san’at asarlari bir necha kunda yo‘q qilindi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Niderlandiyaning Zundert shahrida 6 sentyabr kuni Corso Zundert gul paradi bo‘lib o‘tdi, unda 20 ta mahallaning daliya gullaridan yaratilgan ulkan san’at asarlari namoyish etildi.
  • Stuivezand mahallasi «The Sea As a Mirror» kompozitsiyasi bilan bosh mukofotni qo‘lga kiritdi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni mos ravishda Laer-Akkermolen va Molenstraat mahallalari egalladi.

Niderlandiyaning Zundert shahrida dunyodagi eng yirik gul paradlaridan biri — Corso Zundert o‘tkazildi. 6 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda shaharning 20 ta mahallasi tomonidan tayyorlangan ulkan gul kompozitsiyalari ko‘chalardan olib o‘tildi.

Corso Zundert 2026 yilda o‘zining 90 yilligini nishonladi. Har yili sentyabr oyining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladigan ushbu an’anada mahallalar oylar davomida ulkan kompozitsiyalarni tayyorlaydi. Bu yil ham barcha 20 ta kompozitsiya ko‘chalarda namoyish etilib, ular o‘rtasida g‘olib aniqlangan.

Kompozitsiyalar oddiy gul bezaklaridan iborat emas. Ular dastlab chizma va maket sifatida yaratiladi, keyinchalik metall konstruksiya, qog‘oz va boshqa materiallar yordamida ulkan hajmli asarlarga aylantiriladi. Yakuniy bosqichda esa kompozitsiyalar daliya gullari bilan bezatiladi.

Bu yil bosh mukofot «The Sea As a Mirror» («Dengiz ko‘zgudek») nomli kompozitsiya bilan ishtirok etgan Stuivezand mahallasiga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Laer-Akkermolen, uchinchi o‘rinni esa Molenstraat mahallasi egalladi.

Parad 6 sentyabr kuni soat 13:30 da boshlangan. Tomoshabinlar ulkan kompozitsiyalarni nafaqat parad vaqtida, balki 7 sentyabr kuni ham maxsus ko‘rgazma maydonida tomosha qilishlari mumkin bo‘lgan.

Gullar bilan bezatilgan turli shakldagi yirik figuralar karnay namoyishi.

Biroq bu san’at asarlarining umri juda qisqa. Tadbir yakunlangach, kompozitsiyalar maxsus texnika yordamida buzib tashlanadi va konteynerlarga joylanadi. Natijada ulardan videolar, suratlar va tomoshabinlarning xotiralari qoladi.

Corso Zundertning o‘ziga xos jihati shundaki, barcha kompozitsiyalar ko‘ngillilar tomonidan yaratiladi. Zundert atrofida aynan ushbu parad uchun taxminan 40 gektar maydonda daliya gullari yetishtiriladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar