Ota qizining orzusini amalga oshirishiga yordam berdi (video)

Salvadorning Syudad-Arse shahrida o‘tkazilgan Mustaqillik bayrami paradida otaning qiziga ko‘rsatgan yordami ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Bu haqda CR Hoy xabar berdi.
Voqea 15 sentyabr kuni, mamlakat Mustaqilligining 205 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirlari vaqtida sodir bo‘lgan. Yurish va mustaqil tik turishda qiynaladigan qizaloq parad ishtirokchisi sifatida chiqishni orzu qilgan.
Qizaloqning bu istagini amalga oshirish uchun otasi butun chiqish davomida uning yonida bo‘lgan. U qizini belidan mahkam ushlab, harakatlanishi hamda tik turishiga yordam bergan.
Otasining ko‘magida qizaloq musiqa sadolari ostida parad davomida o‘z chiqishini davom ettirgan va tadbirni oxirigacha yakunlagan. Ularning parad paytidagi tasvirlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, ko‘plab foydalanuvchilarning e’tiborini tortgan.
Mahalliy nashrlar bu holatni ota-onaning farzandini qo‘llab-quvvatlashi va uning orzusini ro‘yobga chiqarishga bo‘lgan harakatining ta’sirli namunasi sifatida yoritgan.






























Izohlar 0
…