date
views 244

Ilhom Aliyev G‘alaba paradiga borishdan bosh tortdi: Moskva va Boku o‘rtasidagi munosabatlar taranglashmoqda

Ilhom Aliyev G‘alaba paradiga borishdan bosh tortdi: Moskva va Boku o‘rtasidagi munosabatlar taranglashmoqda
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Rossiya poytaxti Moskvada 9 may kuni o‘tkaziladigan Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali paradda qatnashmaslikka qaror qildi. Bu haqda Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.

Rasmiy tushuntirishga ko‘ra, Ilhom Aliyev Moskvaga tashrifini so‘nggi lahzada bekor qilgan va bu qaror Ozarbayjonda mamlakatning birinchi prezidenti Haydar Aliyevga bag‘ishlangan mahalliy tadbirlarda ishtirok etish zarurati bilan izohlangan. Biroq tahlilchilar bu qaror ortida siyosiy sabablar turishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

Shuningdek, Laos prezidenti Txonglun Sisulit ham paradda qatnashmaydi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u koronavirusga chalingan va uning o‘rnini Moskvada Laos tashqi ishlar vaziri Txongsavan Fomvixan egallaydi.

Aytish joizki, G‘alaba paradida dunyoning 20 dan ortiq mamlakati rahbarlari qatnashishi kutilmoqda. Ular orasida Xitoy rahbari Si Szinpin, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Vetnam kommunistik partiyasi bosh kotibi To Lam, Braziliya prezidenti Lula da Silva, Serbiya rahbari Aleksandr Vuchich va Markaziy Osiyo mamlakatlari prezidentlari ham bor.

E’tiborlisi, Ilhom Aliyev so‘nggi bor Moskvadagi paradda 2015 yilda ishtirok etgan. Joriy yilning mart oyida esa Ozarbayjon va Rossiya rasmiylari Aliyevning paradda qatnashish taklifini qabul qilganini ma’lum qilishgandi. Biroq bu qaror ortidan yuz bergan voqealar, xususan, dekabr oyida Ozarbayjon aviakompaniyasiga tegishli samolyotning halokati, ikki davlat munosabatlarini jiddiy sinov ostiga qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu aviahodisada 38 kishi halok bo‘lgan va voqea Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan samolyotning Grozniy osmonida urib tushirilishi bilan bog‘langan. Aliyev bu fojia yuzasidan Rossiya tomonini voqeani yashirishga va jamoatchilikka “bema’ni versiyalar”ni taklif qilishda ayblagan.

Ayni vaziyatda Aliyevning Moskvaga bormaslik qarori rasmiy sabablarga bog‘lansa-da, ikki davlat o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu esa keyingi diplomatik aloqalar uchun yangi murakkabliklar keltirib chiqarishi mumkin.

Moskvadagi parad oldidan yuzaga kelgan bunday keskinlik esa xalqaro kuzatuvchilar va siyosiy tahlilchilarning e’tiborini yanada oshirishi tabiiy.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ilhom Aliyev G‘alaba paradiga borishdan bosh tortdi: Moskva va Boku o‘rtasidagi munosabatlar taranglashmoqda