date
views 240

Vladimir Putin: «Kiyev rejimi terrorizm yo‘lidan bormoqda»

Vladimir Putin: «Kiyev rejimi terrorizm yo‘lidan bormoqda»
Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumat a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Bryansk va Kursk oblastlarida temiryo‘llar portlatilishini «terrorchilik harakati» deb atadi. Bu haqda «Interfaks» agentligi xabar bermoqda.

«Yaqinda Bryansk va Kursk oblastlarida sodir etilgan temiryo‘l portlatishlari – bu terrorchilik harakatlari hisoblanadi va bunday jinoyatlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi qaror, shubhasiz, Kiyev rahbariyati tomonidan siyosiy darajada qabul qilingan», – deb ta’kidladi Putin.

Shu bilan birga, Rossiya yetakchisi qurolli to‘qnashuvlar chog‘ida tinch aholining jabr ko‘rishi hamisha achinarli holat bo‘lib qolishini qayd etib o‘tdi.

«Barcha qurolli mojarolarda, afsuski, tinch aholi vakillari zarar ko‘radi. Biz bu holatlarni chindan ham afsus bilan qabul qilamiz», – dedi Putin.

Uning ta’kidlashicha, Bryanskdagi voqea aynan tinch aholiga qarshi qaratilgan qasddan uyushtirilgan harakat bo‘lib, xalqaro me’yorlarga muvofiq, bunday jinoyatlar terrorchilik sifatida baholanadi.

Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Bryansk va Kursk oblastlaridagi temiryo‘l portlashlarining asosiy maqsadi – Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan tinchlik muzokaralarini buzishdan iborat.

«Biz Istanbulda taklif qilgan tinchlik muzokaralari bosqichi oldidan tinch aholi, jumladan, ayollar va bolalarga qarshi uyushtirilgan bu kabi jinoyatlar muzokaralar jarayoniga zarar yetkazishga qaratilgan edi. Bunday harakatlar hozirda Kiyevdagi hokimiyatni egallab turgan noqonuniy rejimning tobora terrorchi guruhga aylanayotganini va uning g‘arblik homiylari ham bu jarayonda terrorchilarning sheriklariga aylanib borayotganidan xavotirga tushishimizga asos bo‘ladi, xolos», – dedi Putin.

Rossiya prezidentining fikricha, Istanbul muzokaralarida Rossiya delegatsiyasining tarkibi va vakolati xalqaro huquq normalariga muvofiq ravishda Moskva tomonidan belgilanadi va bu masalani baholashga Kiyev rasmiylarining hech qanday huquqi ham, vakolati ham yo‘q.

«Xalqaro amaliyotlarga ko‘ra, muzokaralar darajasini va tarkibini faqat o‘sha mamlakat belgilay oladi. Bu darajani boshqa tomondan baholashga faqat yuqori kompetensiya va nufuzga ega bo‘lgan shaxslar haqlidir. Lekin bugun Kursk viloyatida askarlari og‘ir mag‘lubiyatga uchrab, jang maydonida yirik yo‘qotishlarga duch kelayotgan rejim vakillari qanday kompetensiyaga ega bo‘lishi mumkin? Biz hech qanday vakolati yo‘q, hatto elementar siyosiy madaniyatdan ham yiroq odamlar bilan ish olib boryapmiz», – deb qayd etdi Putin.

Rossiya rahbari Kiyevning gumanitar asoslarda qisqa muddatli o‘t ochishni to‘xtatishga rozilik berishni rad etishi ham Ukraina rejimiga tinchlikning kerak emasligini tasdiqlashini aytdi.

«Kiyev rejimi bir necha kunlik gumanitar asosdagi o‘t ochishni to‘xtatishga rad javobini bergani birinchi holat emas. Bu biz uchun ajablanarli emas, ammo shuni aniq ko‘rsatadiki, bugungi Ukraina rahbariyati uchun tinchlikning o‘zi hokimiyatni yo‘qotish bilan barobardir. Bu rejim uchun hokimiyat nafaqat tinchlikdan, balki o‘z fuqarolari hayotidan ham ustun turadi», – dedi Rossiya yetakchisi.

Putin o‘z nutqida Ukraina rahbariyati tomonidan tinch aholiga qarshi sodir etilgan oxirgi terrorchilik harakatlari ortida tinchlik muzokaralari va yuqori darajadagi sammit o‘tkazish haqidagi takliflarga shubha bilan qarashini ham bildirib o‘tdi.

«Ayni vaqtda ular harbiy harakatlarni 30 yoki 60 kunga to‘xtatishni so‘ramoqda, yuqori darajada uchrashuv o‘tkazishni istashmoqda. Lekin bunday sharoitda qanday muzokaralar bo‘lishi mumkin? Biz nima haqida gaplashamiz? Terrorga qo‘l urgan, terrorchi usullarni qo‘llaydigan odamlar bilan qanday kelishuvlar bo‘lishi mumkin? Va nima uchun biz ularni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak? G‘arb rejimni yanada ko‘proq qurol bilan ta’minlashi, majburiy safarbarlikni kengaytirishi va Bryansk hamda Kurskda sodir etilgan hujumlarga o‘xshash terrorchilik harakatlariga tayyorgarlik ko‘rishini qo‘llab-quvvatlash uchunmi?» – deb o‘z so‘zlarini yakunladi Vladimir Putin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Vladimir Putin: «Kiyev rejimi terrorizm yo‘lidan bormoqda»