
Erondagi mavjud inqiroz va xalqaro hamjamiyatni tashvishga solayotgan ziddiyatlar fonida mamlakatning so‘nggi valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy o‘z xalqini va butun dunyoni chuqur o‘ylashga undayotgan bayonot bilan chiqdi. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda Eron uchun yagona haqiqiy yechim – bu Islom Respublikasi rejimiga qarshi xalq qo‘zg‘olonini qo‘llab-quvvatlash va mamlakatda adolat va erkinlikni tiklashdir.
Shahzoda Rizo Pahlaviy o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qilgan murojaatida Islom Respublikasi Eron xalqining boyliklarini izidan yo‘qotib, uranni boyitish va maxfiy yadro dasturlariga milliardlab dollar sarflayotganini keskin tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ishlar natijasida Eron faqat iqtisodiy inqiroz va xalqaro izolyatsiyaga emas, balki urush chegarasiga ham yaqinlashdi. “Bu tuzum dunyoni yillar davomida aldadi, ammo endi uning asli va xatarli qiyofasi barchaga ma’lum bo‘ldi. Islom Respublikasini javobgarlikka tortish vaqti yetdi”, — dedi Pahlaviy.
Rizo Pahlaviy tarixiy faktlarga murojaat qilib, Eron Pahlaviylar davrida Yadro qurolini tarqatmaslik shartnomasini ilk imzolagan davlatlardan biri ekanini eslatdi. Biroq, bugungi kunda Xalqaro atom energiyasi agentligi Islom Respublikasini shartnomani buzganlikda va yangi yadro inshootlari qurilishini ochiqlaganlikda ayblamoqda. “Bu reja va yo‘nalishlar rejimning mutlaq ishonchsizligi va xalqaro muzokaralarda to‘liq ishonchga loyiq emasligini yana bir bor isbotladi. Bunday tuzum bilan har qanday hamkorlik faqat uning qudratini mustahkamlaydi”, — deya ta’kidladi shahzoda.
Pahlaviyning fikricha, Islom Respublikasiga qarshi asosiy muqobil kuch — bu xalqning o‘zi. U tinch, farovon va erkin hayotni orzu qilayotgan, kelajagini dunyo bilan birga qura oladigan Eron xalqini qo‘llab-quvvatlashni barchaga chaqirdi. Shahzoda xalqaro hamjamiyatga ikki yo‘nalishda harakat qilishni tavsiya etdi: birinchisi — rejimga nisbatan maksimal bosim va sanksiyalarni qayta tiklash, ikkinchisi esa, mamlakat erkinligi uchun kurashayotgan xalqka har tomonlama yordam ko‘rsatish.
Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda Eronda adolat va erkinlik sari intilayotgan jamiyat bor. “Bugun xalqimiz qo‘rquvsiz va tinch kelajak uchun muboriza olib bormoqda. Ularga amaliy va siyosiy yordam berish — barchamizning insoniy burchimiz”, — dedi Rizo Pahlaviy.
Ma’lumot uchun, Rizo Pahlaviy 1967 yildan beri Eronning valiahd shahzodasi hisoblanadi. U otasi Muhammad Rizo Pahlaviy taqdiriga sherik bo‘lib, 1979 yildagi inqilob sababli oilasi bilan birga mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘lgan. Bugungi kunda u AQSHning Los-Anjeles shahrida yashaydi va Eron Milliy Kengashi asoschisi hamda rahbari sifatida o‘z yurti erkinligi uchun kurash olib bormoqda. Pahlaviy o‘z murojaatida Eron xalqiga va butun dunyoga “erkinlik va tinchlik uchun kurashda birlashish vaqti kelgani”ni ta’kidladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar