Xitoy roboti Useyn Bolt rekordinidan tezroq yugurdi

Xitoy roboti Useyn Bolt rekordinidan tezroq yugurdi

Xitoyning Honor kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Lightning nomli odamsimon robot 100 metr masofani 9,32 soniyada bosib o‘tib, dastlabki sinovda Useyn Boltning jahon rekordini yangiladi. Bolt 2009 yilda 100 metrni 9,58 soniyada bosib o‘tib, rekord o‘rnatgan. Bu haqda "Securitylab" xabar berdi.

Lightning sinov davomida sekundiga 14,5 metr, ya’ni soatiga qariyb 52 kilometr tezlikka erishgan. Biroq bu natija musobaqadagi rasmiy yugurish emas, o‘yinlar oldidan o‘tkazilgan tayyorgarlik sinovida qayd etilgan. Musobaqaning dastlabki bosqichida esa Lightning 9,47 soniya natija ko‘rsatgan.

22–26 avgust kunlari Pekinda o‘tkazilayotgan odamsimon robotlarning II Butunjahon o‘yinlarida 16 davlatdan 666 ta jamoa va jami 2056 ta robot ishtirok etmoqda. Dasturdan 51 ta musobaqa turi va 1301 ta bellashuv o‘rin olgan.

Robotlar yugurishdan tashqari futbol, stol tennisi, og‘ir atletika, yakkakurash va raqs kabi yo‘nalishlarda ham o‘z imkoniyatlarini namoyish etmoqda. Shuningdek, ular zavod, mehmonxona, uy va logistika kabi real sharoitlarda turli vazifalarni bajarish bo‘yicha ham sinovdan o‘tkazilmoqda.

Musobaqaning ochilish kunida yana bir xitoylik robot — Tiangong Ultra 100 metr masofani 9,39 soniyada bosib o‘tib, Boltning 9,58 soniyalik rekordini ortda qoldirdi. Shu tariqa robotlar qisqa masofaga yugurishda insonlar qayd etgan eng yuqori natijalardan ham tezroq harakatlanayotganini namoyish qildi.

Xitoy roboti Useyn Bolt rekordinidan tezroq yugurdi
Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar