Yosh shifokor xususiy shifoxonadagi ilk ish kunidayoq iste’foga chiqdi

Hindistonda yosh shifokor xususiy shifoxonadagi ilk ish kunidayoq iste'foga chiqdi. U bemorlarni tibbiy zaruratsiz shifoxonaga yotqizish va ayrimlarini reanimatsiya hamda intensiv terapiya bo'limlarida keragidan uzoqroq saqlashga rahbariyat bosim qilganini da'vo qildi. Shifokor bunday amaliyot hisob-kitoblarni oshirishga qaratilgan bo'lishi mumkinligini aytib, uni kasbiy tamoyillariga zid deb baholadi.
Hindistonda yosh shifokorning xususiy shifoxonadagi ilk ish kunidayoq iste’foga chiqgani haqidagi video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shifokor o‘z videomurojaatida muassasada bemorlarni tibbiy zarurat bo‘lmasa ham shifoxonaga yotqizish va ayrimlarini reanimatsiya bo‘limida zarur muddatdan uzoqroq saqlashga bosim bo‘lganini da’vo qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shifoxona rahbariyati deyarli har bir bemorni statsionarga qabul qilishni, ayrim hollarda esa ularni jonlantirish va intensiv terapiya bo‘limida uzoqroq ushlab turishni talab qilgan. Shifokor bunday amaliyot bemorlar uchun tibbiy jihatdan zarur bo‘lmasligi, asosiy maqsad esa shifoxona hisob-kitoblarini oshirish bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Yosh mutaxassis, shuningdek, muhim tibbiy qarorlar, jumladan, bemorni yotqizish va reanimatsiyada qancha vaqt saqlash masalalariga rahbariyat aralashganini aytgan. U bunday sharoitda ishlashni o‘zining kasbiy tamoyillariga zid deb hisoblab, ishga kirgan kunining o‘zidayoq iste’foga chiqishga qaror qilgan.
Shifokor o‘z qarorini bemor xavfsizligi va tibbiy etika har qanday ish yoki maoshdan ustun turishi kerakligi bilan izohlagan. Uning bayonotida, noto‘g‘ri deb hisoblagan amaliyotlarga o‘z nomini bog‘lashni istamagani ta’kidlangan.
Mazkur video internetda tez tarqalib, xususiy tibbiyotda bemor manfaatlari va moliyaviy manfaatlar o‘rtasidagi muvozanat masalasini kun tartibiga olib chiqdi. Ko‘plab foydalanuvchilar shifokorning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, ayrimlar holat yuzasidan mustaqil tekshiruv va tibbiyot muassasalari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligini bildirgan.






























Izohlar 0
…