Bir bosh bilan tug‘ilgan egizaklar operatsiyadan so‘ng vafot etdi

Braziliyada bosh qismi bilan tutash holda tug‘ilgan 2 yoshli egizak qizaloqlar — Heloiza va Helena Batista da Silva — ularni ajratish bo‘yicha o‘tkazilgan murakkab operatsiyadan bir necha daqiqa o‘tib vafot etdi. Bu haqda The Sun xabar berdi.
Qizaloqlar miya to‘qimalari va qon tomirlarining bir qismini birgalikda bo‘lishgan. Ribeyran-Pretu shahrida shanba kuni o‘tkazilgan 15 soatlik operatsiya ularni ajratishga qaratilgan beshinchi va eng murakkab jarrohlik amaliyoti bo‘lgan.
Shifokorlar uzoq davom etgan amaliyot yakunida egizaklarni muvaffaqiyatli ajratishga erishgan. Biroq shundan keyin qizaloqlarning ahvoli keskin og‘irlashgan. Egizaklardan birida qon bosimi juda pasaygan bo‘lsa, ikkinchisida aksincha, yuqori qon bosimi kuzatilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Helena soat 23:12 da, Heloiza esa 23:26 da yurak xurujini boshdan kechirgan. Tibbiyot xodimlari ularning hayotini saqlab qolish uchun 25 daqiqa davomida reanimatsiya choralarini ko‘rgan. Ammo qizaloqlarni qutqarib qolishning iloji bo‘lmagan.
Qizaloqlar bir yil davomida to‘rtta operatsiyani boshdan kechirgan
Jarrohlik jamoasi a’zosi, plastik jarroh Jayme Farina Juniorning aytishicha, qizaloqlar avval ham bir qator og‘ir tibbiy muammolarni boshdan kechirgan.
«Ularda bir necha marta pnevmoniya kuzatilgan, traxeostoma qilingan, ovqatlanish uchun gastrostomaga ehtiyoj bo‘lgan. Shuningdek, ularning organizmini zaiflashtirgan boshqa holatlar ham kuzatilgan», — dedi u.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, yakuniy ajratish jarayonida qizaloqlarning organizmi yuzaga kelgan beqaror holatga dosh bera olmagan va oqibatda yurak faoliyati to‘xtagan.
Egizaklarni ajratish bo‘yicha dastlabki uchta operatsiya davomida shifokorlar ularga umumiy bo‘lgan miya to‘qimalari va qon tomirlarining taxminan 75 foizini ajratishgan.
To‘rtinchi operatsiyada esa yakuniy jarrohlik amaliyoti vaqtida bosh suyaklarini yopish uchun yetarli teri hosil qilish maqsadida maxsus to‘qima kengaytirgichlaridan foydalanilgan.
Qizaloqlar so‘nggi operatsiyaga qadar bir yil davomida to‘rtta murakkab jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazgan. Yakuniy operatsiya esa shifoxonada 50 nafardan ortiq tibbiyot xodimi ishtirokini talab qilgan.
Shifokorlar ma’lum qilishicha, Heloiza va Helenada gemodinamik beqarorlik ham kuzatilgan. Bu holat hayotiy muhim a’zolarga qon oqimining yetarli bo‘lmasligi bilan bog‘liq bo‘lib, og‘ir holatlarda a’zolar faoliyatining izdan chiqishi va o‘limga olib kelishi mumkin.






























Izohlar 0
…