2027 yilda nima bo‘ladi? Olimlar butun dunyoni ogohlantirdi

Tinch okeanida shakllanayotgan El-Nino hodisasi so‘nggi bir asrda kuzatilgan eng kuchli jarayonlardan biriga aylanishi mumkin. Buyuk Britaniya Meteorologiya idorasi ushbu tabiiy iqlim hodisasi 2027 yilni rekord darajadagi eng issiq yilga aylantirishi ehtimoli borligidan ogohlantirdi.
Meteorologiya idorasining uzoq muddatli prognozlar bo‘limi rahbari professor Adam Skayf El-Nino signali hozircha «misli ko‘rilmagan» darajada ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prognozlarda ilgari bunday kuchli El-Nino kuzatilmagan.
Ayni paytda Tinch okeanidagi dengiz yuzasi harorati odatdagidan 2 darajadan ko‘proq yuqori. Yil oxiriga borib bu tafovut 3 darajadan oshib ketishi mumkin.
Ayrim iqlim guruhlari esa haroratdagi farq 4 darajagacha yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Agar ushbu prognozlar o‘zini oqlasa, olimlar bu hodisa so‘nggi 500 yoki hatto 1000 yil ichidagi eng kuchli El-Nino bo‘lishi mumkinligini ham istisno etmayapti.
El-Nino dunyo iqlimiga qanday ta’sir qiladi?
El-Nino odatda har 2–7 yilda bir marta yuzaga keladi. Bu jarayon davrida Tinch okeanidagi passat shamollari zaiflashadi yoki o‘z yo‘nalishini o‘zgartiradi. Natijada iliq suvlar okeanning sharqiy qismi tomon siljiydi.
Okeandan atmosferaga katta miqdorda issiqlik chiqishi esa butun dunyodagi harorat va yog‘ingarchilik tartibiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois El-Nino nafaqat Tinch okeani atrofidagi mamlakatlar, balki sayyoraning turli hududlarida ob-havo sharoitlarining o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar El-Nino ta’siri allaqachon sezila boshlaganini qayd etmoqda. Hindistonda musson yomg‘irlari odatdagidan kamaygani, Atlantika okeanida esa dovullar faolligi pasaygani kuzatilgan.
Avstraliyada qurg‘oqchilik va o‘rmon yong‘inlari xavfi kuchayishi mumkin. Janubiy Amerika hamda AQSHning janubiy hududlarida esa aksincha, suv toshqinlari ehtimoli ortishi kutilmoqda.
Buyuk Britaniyada kuz va qish oylarida yog‘ingarchilik hamda bo‘ronlar kuchayishi mumkin. Meteorologiya idorasi prognozlariga ko‘ra, El-Nino ta’sirida Janubiy yarimsharning ayrim hududlarida kuchli qurg‘oqchilik, Shimoli-G‘arbiy Yevropada esa nam va bo‘ronli ob-havo kuzatilishi ehtimoli bor.
2027 yil issiqlik rekordini yangilashi mumkin
Meteorologiya idorasi iqlimshunosi Nik Danstounning ta’kidlashicha, kuchli El-Nino davrida okeandan atmosferaga juda katta miqdorda issiqlik chiqadi. Bu esa global haroratning yanada oshishiga olib kelishi mumkin.
Mutaxassis shu sababli 2027 yil 2024 yilda qayd etilgan eng issiq yil rekordini yangilashi ehtimoli juda yuqori ekanini aytdi.
Ma’lumot uchun, El-Nino — Tinch okeanining ekvatorial qismidagi suvlar odatdagidan sezilarli darajada isib ketishi bilan bog‘liq tabiiy iqlim hodisasi. U dunyoning turli mintaqalarida harorat, yog‘ingarchilik va shamol rejimi o‘zgarishiga olib kelishi mumkin.






























Izohlar 0
…