Yaponiyada ota 7 yoshli o‘g‘lini Fudziyama tog‘ida qoldirib ketdi

Yaponiyaning Fudziyama tog‘ida ota 7 yoshli o‘g‘lini yolg‘iz qoldirib, cho‘qqi sari yurishda davom etgani sababli politsiya aralashuviga to‘g‘ri keldi. Voqea 20 avgust kuni sodir bo‘lgan.
Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, ota 7 va 12 yoshli ikki o‘g‘li bilan tog‘ning an’anaviy “Fudzinomiya” yo‘nalishi orqali 3776 metr balandlikdagi cho‘qqini zabt etishga yo‘l olgan. Biroq yo‘lning boshidayoq kichik o‘g‘il charchagan. Katta farzandi esa oldinga o‘tib ketgan.
Shundan so‘ng ota 7 yoshli bolasini yo‘l chetidagi o‘rindiqqa o‘tqazib, unga suv va yegulik qoldirgan hamda o‘sha yerda kutib turishni aytgan. O‘zi esa katta o‘g‘li ortidan yuqoriga qarab harakatlangan.
Oradan vaqt o‘tib, “Fudzinomiya” yo‘nalishining oltinchi stansiyasidagi xodimlar 2 kilometrdan yuqori balandlikda yolg‘iz qolgan bolani topgan. Bola yomg‘ir va tuman ostida o‘tirgan. Xodimlar darhol politsiyaga xabar bergan.
Huquq-tartibot xodimlari yettinchi va sakkizinchi stansiyalar oralig‘ida otani ham aniqlagan. Ma’lum bo‘lishicha, u o‘g‘lini qoldirgan joydan ancha uzoqlashib, qariyb uch soatlik piyoda masofani bosib o‘tgan.
Politsiya otaga zudlik bilan ortga qaytishni buyurgan. Bola esa qariyb sakkiz soat davomida yolg‘iz qolgan. Otaga farzandini xavfli hududda qarovsiz qoldirgani uchun qat’iy ogohlantirish berilgan. U o‘z xatosini tan olib, politsiyadan uzr so‘ragan.
Politsiya xodimlaridan biri vaziyatga izoh berar ekan, cho‘qqiga chiqish rejasidan voz kechish kerak bo‘lgan taqdirda ham bolani yolg‘iz qoldirmaslik lozimligini ta’kidlagan.
“Fudzinomiya” yo‘nalishi jamoat transportida yetib borish mumkin bo‘lgan beshinchi stansiyadan boshlanadi. U yerdan Fudziyama cho‘qqisiga chiqish uchun taxminan besh soat, ortga qaytish uchun esa yana uch soat vaqt talab etiladi.
So‘nggi yillarda Fudziyamada sayyohlar bilan bog‘liq bir qator noxush hodisalar ham qayd etilgan. Tog‘ Tokiodan janubi-g‘arbda joylashgan bo‘lib, Yaponiyaning uch muqaddas tog‘idan biri hisoblanadi. Fudziyama 2013 yilda YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Har yili taxminan 200 ming kishi tog‘ cho‘qqisiga chiqadi. Sayyohlar oqimini tartibga solish maqsadida ayrim yo‘nalishlarda mavsumiy va kunlik cheklovlar ham joriy etilgan.






























Izohlar 0
…