Antarktidadagi muzliklar erish tezligi borasida ogohlantiruvchi ma’lumotlar yanada qo‘rquvli tus olmoqda. Olimlar so‘nggi yillarda faqat global isish emas, balki odam faoliyati ham janubiy qit’adagi ekotizimga katta tahdid solayotganini aniqlashdi. Bu haqida “Euronews” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Antarktida sayyohlik operatorlari xalqaro assotsiatsiyasi (IAATO) hisobotlari yillik tashrif buyuruvchilar sonining 1990-yillarda 8 mingdan kam bo‘lganini ko‘rsatadi. Ammo o‘tgan yili esa 124 mingdan ortiq sayyoh qit’aga tashrif buyurdi. Prognozlar shuni ko‘rsatadiki, 2034 yilga kelib sayyohlar soni 450 mingga yetishi mumkin. Bu esa tabiiy muhit uchun yuqori bosim demakdir.
“Turizmning o‘sishi va ilmiy tadqiqot bazalarining kengayishi Antarktidani ifloslantirmoqda, qor erishini tezlashtirmoqda va hozirgi iqlim o‘zgarishi sharoitida nozik ekotizimlarga katta tahdid solmoqda”, deyiladi “Nature sustainability” jurnalida chop etilgan tadqiqotda.
Chili, Germaniya va Niderlandiyadan kelgan olimlar uchta yirik tadqiqot markazini tashkil etib, to‘rt yil davomida Antarktidaning ifloslanish darajasini o‘rgandi. Ular odam faoliyati yuzaga kelgan hududlarda nikel, mis va qo‘rg‘oshin kabi zaharli metallar konsentratsiyasining 40 yil oldingi ko‘rsatkichga nisbatan 10 barobar ortiqligini aniqladi. Bu esa inson faoliyatining to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sirini ko‘rsatadi.
Bir mavsumda 55 ta turistik agentlik taxminan 570 ta sayohat ekspeditsiyasini tashkil etdi. Yo‘lovchilarning uchdan ikki qismi kichikroq kemalarda sayohat qilgan. Hatto IAATO yo‘lovchilarni qirg‘oqqa qo‘nishdan cheklash va bioxavfsizlik qoidalariga rioya qilishni tavsiya etsa ham, sayyohlikning o‘zi tabiiy muhitda stress va o‘zgarishlarga olib kelmoqda. Avvalgi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, o‘rtacha turistik sayohat har bir yo‘lovchi uchun 5,44 tonna CO2 gazini atmosferaga chiqarishi mumkin.
“Antarktidada sayyohlar tez-tez borgan hududlarda ifloslantiruvchi zarralar mavjudligi oqibatida qor tezroq erishadi. Hatto bir nafar sayyoh ham 100 tonnaga yaqin qorning erishini tezlashtirishi mumkin”, deya ta’kidlaydi tadqiqotchi Raul Kordero.
Antarktida shartnomasi yuqoridagi muammolarni oldini olish maqsadida og‘ir mazut va boshqa ifloslantiruvchi moddalardan foydalanishni qat’iy taqiqlaydi. Shuning uchun ko‘pgina sayyohlik kompaniyalari gibrid elektr kemalarini joriy qilish orqali uglerod chiqindisini kamaytirishga harakat qilmoqda.
Biroq olimlar bu choralarni yetarli deb hisoblamaydi. Ular ta’kidlashicha, faqatgina qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish va qazib olinadigan yoqilg‘idan foydalanishni qisqartirish orqaligina muammoning asl yechimiga erishish mumkin. Antarktida ekosistemasi hozirdanoq himoya va nazorat talab etadi, aks holda global isish va inson faoliyati ta’siri uning barqarorligini keskin xatar ostiga qo‘yishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!