Jahon iqtisodiyotida yana bir rekord qayd etildi. Xalqaro moliyaviy institutlar ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning ikkinchi choragi oxirida dunyo qarzi tarixda ilk bor 337,7 trillion AQSH dollariga yetdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Tahlilchilarning qayd etishicha, global moliyaviy bozorlardagi yumshoq sharoitlar, AQSH dollarining qadri pasayishi hamda yetakchi markaziy banklarning murosali siyosati qarz miqdorining keskin o‘sishiga sabab bo‘ldi. Birgina yilning birinchi yarmidayoq jahon qarzi 21 trillion dollardan ko‘proqqa oshib, mutlaq rekordni o‘rnatdi.
Xalqaro moliya instituti (IIF) hisobotida ta’kidlanishicha, qarzning eng katta o‘sishi Xitoy, Fransiya, AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya va Yaponiyada AQSH dollari hisobida kuzatilgan. Bu holat qisman dollarning zaiflashishi bilan izohlanadi. Joriy yil boshidan beri dollar asosiy savdo hamkorlari valyutalariga nisbatan qariyb 10 foizga arzonlashgan.
“Pandemiya davrida davlatlar tomonidan qabul qilingan iqtisodiy choralar natijasida qarz mislsiz darajada o‘sib ketgan edi. Hozirgi o‘sish ko‘rsatkichlari o‘sha yillardagi holatga yaqinlashib qoldi”, — deyiladi hisobotda.
Qarzning YAIMga nisbati bo‘yicha tahlillar ham qiziqarli ko‘rsatkichlarni ochdi. Kanada, Xitoy, Saudiya Arabistoni va Polshada bu indeks keskin o‘sgani qayd etilgan. Shu bilan birga, Irlandiya, Yaponiya va Norvegiyada aksincha pasayish kuzatilgan.
Rivojlanayotgan mamlakatlar ham qarz yukidan chetda qolmadi. Ular umumiy hisobda ikkinchi chorakda 3,4 trillion dollar qo‘shimcha qarz olib, umumiy qarz miqdorini 109 trillion dollardan yuqoriga olib chiqdi.
IIF ma’lumotlariga ko‘ra, qarz o‘sishining asosiy sababi davlat qarzining keskin ko‘payishidir. Bu holat ayniqsa G7 mamlakatlari va Xitoy misolida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda jahonning umumiy qarzi 251 trillion AQSH dollarini tashkil etgan edi. Bir yil ichidagi bu kabi katta o‘sish iqtisodchilar orasida jiddiy muhokama va bahslarga sabab bo‘lmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, global qarzning bunday tez sur’atlarda ortishi kelgusida moliyaviy xavflarni kuchaytiradi. Bu esa dunyo mamlakatlarini iqtisodiy barqarorlik uchun yanada qat’iy choralar ko‘rishga majbur qilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!