Tramp o‘g‘illari Qozog‘istondagi yirik kon loyihasiga sarmoya kiritdi

AQSH prezidenti Donald Trampning o‘g‘illari — Erik Tramp va kichik Donald Tramp Qozog‘istonda volfram qazib olish bilan bog‘liq yirik investitsiya loyihasida ulushga ega bo‘ldi. Bu haqda Financial Times nashri manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aka-uka Tramp 2025 yil avgust oyida qurilish sohasida faoliyat yurituvchi Skyline Builders kompaniyasidan ulush sotib olgan. Keyinchalik amalga oshirilgan bir qator bitimlar orqali ular Kaz Resources kompaniyasining taxminan 20 foiz ulushini qo‘lga kiritgan. Ushbu kompaniya yirik investitsiya tuzilmasi — Cove Capital bilan aloqador ekani aytilmoqda.
Shundan so‘ng Kaz Resources hamda Qozog‘istondagi kon loyihalarini boshqaruvchi Cove Kaz Capital kompaniyalari birlashtirilib, yagona korporativ tuzilma shakllantirilgan. Yangi tashkil etilgan kompaniya Kaz Resources brendi ostida NASDAQ birjasida aksiyalarni ommaviy joylashtirish (IPO)ni rejalashtirmoqda.
Nashr qayd etishicha, o‘tgan yili AQSHning US Eksport-Import Bank va US International Development Finance Corporation Qozog‘istondagi volfram qazib olish loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 1,6 milliard dollargacha moliyaviy yordam ajratishni ma’qullagan. Loyihaning asosiy — 70 foizlik nazorat paketi aynan Cove Kaz Capital tarkibiga tegishli.
Kichik Trampning ta’kidlashicha, u ushbu loyihada passiv investor sifatida ishtirok etmoqda. Ya’ni, u kundalik operatsion faoliyatga aralashmaydi va sarmoya kiritilgan kompaniyalar manfaatlari uchun AQSH hukumat idoralari bilan bevosita aloqa o‘rnatmaydi.
Tahlilchilarga ko‘ra, bu kabi yirik investitsiyalar Markaziy Osiyoda strategik xomashyo resurslariga bo‘lgan global qiziqish ortib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!