Epshteynning sirli maktubi yillar o‘tib oshkor bo‘ldi

AQSHda jinsiy jinoyatlarda ayblangan moliyachi Jeffri Epshteyn bilan bog‘liq yana bir sirli tafsilot ochiqlandi. Uning sobiq kameradoshi Nikolas Tartalone Epshteyn o‘limidan avval yozgan deb taxmin qilinayotgan maktub mazmuni haqida ma’lumot berdi. Bu haqda The New York Times ma'lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Tartalone ushbu yozuvni 2019 yil iyul oyida, Epshteyn hali tirik bo‘lgan paytda topgan. O‘sha davrda Epshteyn qamoqxonada bo‘ynida shubhali izlar bilan hushsiz holatda aniqlangan edi. Shundan so‘ng u boshqa bo‘limga ko‘chirilgan va o‘z joniga qasd qilish xavfi sabab maxsus kuzatuv ostiga olingan.
Tartalone keyinchalik bergan ko‘rsatmalarida yozuvni qanday topganini batafsil tushuntirgan. Uning aytishicha, Epshteyn boshqa kameraga o‘tkazilgach, u o‘z kamerasida qolgan kitoblardan birini ochib ko‘rgan va ichidan yashirilgan sariq rangli qog‘oz parchani topgan.
Mazkur yozuvda tergovchilar Epshteyn faoliyatini bir necha oy davomida tekshirgan bo‘lsa-da, “hech qanday dalil topilmagani” haqida yozilgan. Shuningdek, unda “Ular mendan nima kutyapti — yig‘laymi? Vaqt keldi, xayrlashaman” mazmunidagi iboralar ham mavjud bo‘lgan.
Qizig‘i shundaki, dastlab Epshteyn qamoqxona xodimlariga bo‘ynidagi jarohatlar uchun aynan Tartaloneni ayblagan va o‘z joniga qasd qilish niyati yo‘qligini bildirgan. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, u bu fikridan qaytib, kameradoshi bilan muammosi yo‘qligini va o‘zini xavfsiz his qilganini aytgan.
Tartalone ushbu yozuvni o‘z advokatlariga topshirganini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, agar Epshteyn uni ayblashda davom etsa, bu hujjat sudda himoya vositasi sifatida xizmat qilishi mumkin edi. Keyinchalik hujjatning haqiqiyligini aniqlash uchun qo‘l yozuvi ekspertlari ham jalb etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu maktub keyinchalik federal sud tomonidan boshqa jinoyat ishi doirasida maxfiylashtirilgan. Tartalone advokatlari yozuvni haqiqiy deb baholagan bo‘lsa-da, bu xulosa qanday asosga tayanib chiqarilgani oshkor etilmagan.
Tahlilchilarning fikricha, ushbu yangi tafsilotlar Jeffri Epshteyn ishi atrofidagi savollarni yanada ko‘paytirishi va uning o‘limi bilan bog‘liq bahs-munozaralarni yana jonlantirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!