AQSHda bank hujumi: ikki xodim otib o‘ldirildi

AQSHning Kentukki shtatida sodir bo‘lgan qurolli hujum jamoatchilikni larzaga soldi. Joriy yilning 29 aprel kuni noma’lum shaxs bankka bostirib kirib, ikki nafar xodimni otib o‘ldirgan. Hozirda gumonlanuvchi qidiruvda. Bu haqda ABC News ma'lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea mahalliy vaqt bilan soat 14:00 atrofida Berea shahridagi Chestnat ko‘chasida joylashgan bank filialida yuz bergan. Qurollangan shaxs ichkariga kirib, bank xodimlariga qarata o‘q uzgan va hodisa joyidan qochib ketgan.
Kentukki shtati politsiyasi vakili Skott Penningtonning bildirishicha, hujum aholida jiddiy xavotir uyg‘otgan. “Biz Berea va Medison okrugi aholisi hozir qo‘rquvda ekanini tushunamiz. Ularning xavfsizligi biz uchun ustuvor. Jinoyatchini topib, javobgarlikka tortish uchun barcha choralarni ko‘ryapmiz”, dedi u.
Politsiya gumonlanuvchining tashqi ko‘rinishiga ham aniqlik kiritgan. U taxminan 1,90 metr bo‘yga ega bo‘lib, och rangli sviter, to‘q rangli qo‘lqop, kulrang shim va och rangli sport oyoq kiyimi kiygan. Uning bankdan pul yoki boshqa qimmatbaho buyumlarni olib ketgan-ketmagani hozircha noma’lum. Shuningdek, jinoyatchi piyoda qochganmi yoki transport vositasidan foydalanganmi — bu ham aniqlanmoqda.
Huquq-tartibot organlari aholini hushyorlikka chaqirib, eshik-derazalarni qulflab qo‘yish, shubhali holatlar kuzatilsa darhol politsiyaga xabar berishni tavsiya qilgan. Shuningdek, uylarning tashqi yoritgichlarini yoqib qo‘yish ham xavfsizlik chorasi sifatida tavsiya etilgan.
Politsiya vakillari gumonlanuvchiga murojaat qilib, uni o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lishga chaqirdi. “Siz allaqachon jiddiy jinoyat sodir etdingiz. Boshqa odamlar zarar ko‘rishidan oldin o‘zingizni topshiring”, deya ogohlantirdi Pennington.
Ma’lumot uchun, Berea shahri Leksingtondan qariyb 64 kilometr janubda joylashgan bo‘lib, unda 16 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Hodisa yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!