
18–19 noyabr kunlari Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon AQSHga rasmiy tashrif bilan keldi. Uning Oq uyda prezident Donald Tramp bilan o‘tkazadigan muzokaralari Vashington mediasida katta qiziqish uyg‘otdi. Suhbatlarda neft bozori, mintaqaviy xavfsizlik, mudofaa kelishuvlari va kelajakka qaratilgan geosiyosiy loyihalar asosiy o‘rinni egallashi kutilmoqda.
Bu tashrif haqida gap ketganda, 2018 yilda Istanbulda jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi yana bir bor qayd etilmoqda. Qoshiqchi AQSHda yashagan, Washington Post’da ishlagan, uning yo‘qolishi va safsata bilan o‘ldirilishi dunyoda qattiq bahslarga sabab bo‘lgan edi. AQSH razvedkasi bin Salmon operatsiyaga ruxsat bergani haqida xulosa chiqargan, shahzoda esa to‘g‘ridan to‘g‘ri buyurmaganini aytsa-da, mas’uliyatni umumiy rahbar sifatida o‘z zimmasiga olgan.
Shunga qaramay, oradan yetti yil o‘tib, Yaqin Sharqda keskinlik kuchaygan sharoitda Saudiya rahbarining Vashingtonga kelishi yangi voqeliklarni ko‘rsatmoqda. Bin Salmon o‘zini mintaqa muvozanatini tiklaydigan vositachi sifatida ham ko‘rsatyapti: Eron bilan munosabatlarni yaxshilash, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlar, Suriyaning arab dunyosiga qaytishini qo‘llashi — qirollik tashqi siyosatining yangi burilish nuqtasi.
Tashrifning markazida esa mudofaa bo‘yicha yangi kelishuvlar turadi. Saudiya Arabistoni uzoq yillar davomida Qo‘shma Shtatlar bilan «neft–xavfsizlik» formulasi asosida ish yuritgan, ammo 2019 yilda Eronning Saudiya neft obyektlariga zarbasi va Vashingtonning javob bermagani bu kelishuvni amalda zaiflatgan edi. Hozir esa Er-Riyod AQSHdan Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish evaziga kuchli mudofaa kafolatlarini talab qilmoqda. Isroil esa buni faqat Falastin davlati haqidagi qonuniy majburiyat bilan bog‘lamoqda — aynan shu eng katta to‘siq bo‘lib turibdi.
Saudiya tomoni shuningdek, 48 tagacha F-35 samolyoti sotib olish bo‘yicha muzokaralarni kuchaytirgan. Pentagon ichkarisida bu masala bo‘yicha muhim bosqichlar o‘tgani aytilmoqda. Biroq Kongress tasdig‘i, Isroilning pozitsiyasi va mintaqaning nozik holati jarayonni qiyinlashtiryapti.
Bin Salmon tashrif doirasida nafaqat mudofaa, balki sun’iy intellekt va yadroviy energetika sohalarida ham yangi hamkorlik izlamoqda. Saudiya qirolligi «Vision 2030» islohotlari doirasida iqtisodiy diversifikatsiyaga o‘tishni maqsad qilgan va bu uchun AQSHdan yuqori darajadagi chiplar, AI loyihalari va fuqaroviy yadroviy dasturlar bo‘yicha kelishuvlarga muhtoj. Bu esa mamlakatni BAA va Eron bilan texnologik raqobatda kuchliroq qiladi.
Vashington yadroviy fan bo‘yicha kelishuvga ehtiyotkor yondashyapti: Saudiyaning uranni boyitish yoki sarflangan yoqilg‘ini qayta ishlash talabiga rozi bo‘lmasdan turib, hujjatni imzolash qiyin. Chunki bu amaliyotlar yadroviy qurolga erishish sari qadam bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, tahlilchilar aytishicha, tashrif chog‘ida yadroviy energetika bo‘yicha dastlabki kelishuvlar yoki yo‘l xaritalari e’lon qilinishi inkor etilmaydi.
Muhammad bin Salmonning bu safargi tashrifi nafaqat ikki davlat munosabatlariga, balki butun Yaqin Sharqdagi muvozanatni o‘zgartirish ehtimoliga ega. AQSH–Saudiya o‘rtasidagi yangi xavfsizlik arxitekturasi, AI va yadroviy texnologiyalar hamkorligi, neft bozorining kelajagi — bularning barchasi sayyora geosiyosiy manzarasiga ta’sir qiluvchi yirik masalalardir.
Yuzma-yuz uchrashuvda aynan qaysi bitimlar imzolanishini esa yaqin kunlarda bilib olamiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.