AQSH Eron urushi tasvirlarini real vaqt rejimida ko‘rsatishni to‘xtatdi

Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat fonida AQSHning Planet Labs kompaniyasi muhim qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, Eron va atrofidagi mojaro hududlaridan olinayotgan yangi sunʼiy yo‘ldosh tasvirlari endi jamoatchilikka taqdim etilmaydi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur cheklov AQSH hukumatining bevosita murojaati asosida, xavfsizlik nuqtai nazaridan joriy etilgan. Bu qaror real vaqtdagi maʼlumotlar tarqalishini cheklash orqali harbiy operatsiyalar maxfiyligini taʼminlashga qaratilgan.
Avvalroq kompaniya tomonidan eʼlon qilingan tasvirlar 14 kunlik kechikish bilan ommaga taqdim etilar edi. Yaʼni, maʼlumotlar maʼlum darajada filtrlanib, kechiktirilgan holda tarqatilgan. Biroq yangi qoidalarga ko‘ra, endilikda hatto shunday kechiktirilgan materiallar ham cheklandi.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, bu kabi qarorlar axborot urushi va razvedka faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki sunʼiy yo‘ldosh tasvirlari orqali harbiy harakatlar, obyektlar va strategik nuqtalar haqida aniq maʼlumotlar olish mumkin.
Eʼtiborli jihati, yangi cheklovlar aniq muddatga ega emas. Kompaniya maʼlum qilishicha, ushbu taqiq jangovar harakatlar yakunlangunga qadar amal qilishi mumkin.
Bu qaror xalqaro jamoatchilik va tahlilchilar orasida turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ayrimlar buni xavfsizlik nuqtai nazaridan to‘g‘ri qadam deb baholasa, boshqalar axborot shaffofligi cheklanayotganini taʼkidlamoqda.
Shu tariqa, Yaqin Sharqdagi vaziyat nafaqat harbiy maydonda, balki axborot makonida ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!