Eron Hurmuz bo‘g‘ozini ochishga tayyor: AQSHdan 7 ta shart bajarilishi talab qilinmoqda

Eron AQSH bilan Hurmuz bo‘g‘ozini ochish masalasida ekspertlar darajasida muzokara o‘tkazishga, hatto kelishuvni amalga oshirish muddatlarini qisqartirishga ham tayyor. Biroq Tehron Vashingtondan kelishuvga tayyorligini ochiq bildirish va ishonchni mustahkamlash choralarini ko‘rishni talab qilmoqda. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchining bayonotida bo‘g‘ozni ochish uchun yettita shart bajarilishi lozimligi ta’kidlandi.
Eron va AQSH o‘rtasida Hurmuz bo‘g‘ozining ochilishi bo‘yicha ehtimoliy muzokaralar uchun eshik yopilmagan. Tehron Vashington bilan kelishuvning amaliy mexanizmlari, shartlarni bajarish tartibi va muddatlarini muhokama qilishga tayyorligini bildirmoqda. Ammo Eron tomoni bu jarayon AQSHning aniq siyosiy pozitsiyasi va ishonchni tiklashga qaratilgan choralarisiz boshlanmasligini ta’kidlayapti.
Tehron Vashingtondan qanday ikki qadamni kutmoqda?
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi AQSH prezidenti Donald Trampning Vashington Tehron bilan kelishuvga muhtoj emasligi haqidagi bayonotiga munosabat bildirib, Eron tomoni Amerikadan hozirgacha hech qanday javob olmaganini aytdi.
Arakchining ta’kidlashicha, Tehron AQSHdan ikki asosiy qadamni kutmoqda:
Vashington Eron bilan kelishuvga erishishni istashini aniq va ochiq bildirishi;
ishonchni mustahkamlash uchun kompleks choralar ko‘rishi.
Eron tashqi ishlar vaziri bu talablar bajarilsa, ikki mamlakat vakillari Hurmuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha taklifni va uni amalga oshirish mexanizmlarini muhokama qilishga tayyorligini bildirdi.
«Agar ular ushbu ikki shartni bajarsa, biz Amerika tomoni bilan bu loyiha va uni amalga oshirish yo‘llarini muhokama qilishga tayyormiz. Bizning talabimiz aniq: Hurmuz bo‘g‘ozi ochilishi uchun ilgari surilgan yettita shartimiz bajarilishi kerak. Albatta, agar amerikaliklarning bu shartlarni amalga oshirish usullari bo‘yicha o‘z takliflari va qarashlari bo‘lsa, biz muloqotga tayyormiz», — dedi Arakchi Iran nashriga bergan intervyusida.
Eron 7 shartni bajarish muddatini qisqartirishga rozi
Tehron muzokaralarda shartlarni bajarishning aniq muddati yoki texnik mexanizmlari bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyatini ham inkor etmayapti.
Arakchining so‘zlariga ko‘ra, Eron va AQSH shartlarni qanday shaklda rasmiylashtirish, ularni amalga oshirish tartibi va ikki tomonni qoniqtiradigan kelishuvga qanday erishish masalalarini muhokama qilishi mumkin.
Vazir bu borada muddatlar o‘zgarishi Eron uchun prinsipial masala emasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, agar AQSH shartlarni bajarish jarayonini ikki kundan bir kunga yoki hatto ikki soatgacha qisqartirishni taklif qilsa, Tehron bunday variantni muhokama qilishga tayyor.
«Masalan, agar ular muddatni (Eron shartlarini bajarish uchun belgilangan vaqtni) ikki kundan bir kunga yoki hatto ikki soatgacha o‘zgartirishni istasa, bu biz uchun muammo emas. Muhimi, talablarimiz bajarilishi. Agar ular bajarilsa, Hurmuz bo‘g‘ozi ham ochiladi», — dedi Eron tashqi ishlar vaziri.
Hurmuz bo‘g‘ozi qachon ochilishi mumkin?
Arakchining bildirishicha, Eron ekspertlar darajasida muzokaralar o‘tkazishga ham tayyor. Bu jarayonda shartlarning mazmuni, ularni amalga oshirish usullari va kelishuvning rasmiy shakli muhokama qilinishi mumkin.
Vazir ta’kidlagan ikki kunlik taklifga muvofiq, AQSH Eron talablarini bajarganidan keyin Tehron suv yo‘lini sudna qatnovi uchun ikkinchi kuni ochishga tayyor. Shuningdek, o‘sha kuni ikki mamlakat o‘rtasida muzokaralar boshlanishi ham ko‘zda tutilgan.
Eronning talablari AQSH tomonidan mamlakatga nisbatan joriy etilgan so‘nggi cheklov choralarini bekor qilishni ham o‘z ichiga oladi.
Hozircha bu Tehron tomonining shartlari va taklifi bo‘lib, AQSH ularga rozi bo‘lgani yoki Hurmuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha amaliy kelishuvga erishilgani haqida ma’lumot berilmagan.
Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat nafaqat Eron va AQSH munosabatlari, balki xalqaro savdo, energetika bozori va neft tashish yo‘nalishlari uchun ham strategik ahamiyatga ega. Shu sababli Tehronning muzokaralarga tayyorligi haqidagi bayonoti mintaqadagi geosiyosiy vaziyatning keyingi rivojlanishi nuqtayi nazaridan muhim hisoblanadi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…