Marsda hayratlanarli kashfiyot: ilk murakkab organik izlar aniqlandi

Marsda hayratlanarli kashfiyot: ilk murakkab organik izlar aniqlandi

NASA'ning Perseverance marsoxodi Marsda ilm-fan uchun juda muhim bo‘lgan navbatdagi kashfiyotga erishdi. Olimlar taxminan 3,7 milliard yil avval mavjud bo‘lgan qadimgi ko‘l hududi — Yezero krateridagi jinslarda makromolekular uglerodni aniqladi. Bu Mars yuzasiga eng yaqin qatlamda qayd etilgan eng muhim organik modda topilmalaridan biri hisoblanadi. Tadqiqot natijalari Science Advances (SA) ilmiy jurnalida e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, tadqiqotchilar Neretva Vallis daryo kanali hududida joylashgan “Brayt-Eyndjel” ochiq jinslarini o‘rganish uchun marsoxoddagi SHERLOC ilmiy asbobidan foydalangan. Tekshirilgan jinslar orasida qoplon terisini eslatuvchi dog‘li naqshlari bilan mashhur bo‘lgan “Shayava Fols” mergel toshi ham bor. Ilgariroq aynan ushbu dog‘lar uning biologik kelib chiqishi mumkinligi haqida qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan edi.

NASA Reaktiv harakatlanish laboratoriyasi astrobiologi Kayl Uskertning ta’kidlashicha, ishlov berilmagan tog‘ jinsi yuzasida makromolekular uglerodning aniqlanishi Mars yuzasidagi eng yuqori qatlamdan topilgan organik moddalardan biri hisoblanadi. Bu esa organik birikmalar nisbatan yaqinda ochilib qolganini yoki ular fotohimoya xususiyatiga ega minerallar ta’sirida yaxshi saqlanganini anglatishi mumkin.

Mutaxassislar qayd etishicha, uglerodning spektral xususiyatlari ham abiotik manbalar — meteoritlar yoki gidrotermal jinslarga, ham biotik manbalar — mikrob matlari va toshko‘mir kabi organik hosilalarga mos keladi. Shu bois, hozircha ushbu moddalarning aniq kelib chiqishi haqida qat’iy xulosa chiqarish imkoni yo‘q.

Sayyorashunoslik instituti geologi Eshli Merfining aytishicha, mavjud ma’lumotlar uglerodning manbasini aniq belgilash uchun yetarli emas. Shu sababli uning biologik yo‘l bilan hosil bo‘lgani ehtimoli ham hozircha istisno qilinmayapti.

Olimlar fikricha, ushbu sirga to‘liq oydinlik kiritish uchun Marsdan olinadigan namunalarni Yerga olib kelish va ularni zamonaviy laboratoriyalarda chuqur tahlil qilish talab etiladi. Agar kelajakda ushbu organik birikmalarning biologik kelib chiqishi tasdiqlansa, bu insoniyatning Marsda hayot mavjud bo‘lgan-bo‘lmagani haqidagi tasavvurlarini tubdan o‘zgartirishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar