Futbolchi shlemini kiyib, qariyb bir soat ilon bilan mashg‘ulot qildi

6 avgust kuni Maumelle maktabi futbolchisi mashg'ulot paytida shlemi ichida zaharli, taxminan 60 santimetrlik ilon bilan qariyb bir soat yurgan, ammo ilon uni chaqmagan. Ilon o'quvchi qizish mashqlaridan keyin bosh kiyimida g'alati harakat sezib, uni himoya murabbiyiga ko'rsatganidan so'ng aniqlangan va mutaxassislar uning Arkanzasda uchraydigan cottonmouth, ya'ni suv mokasini ekanini tasdiqlagan.
AQSHning Arkanzas shtatidagi Maumelle shahrida maktab futbolchisi mashg‘ulot paytida kutilmagan va xavfli «mehmon» bilan birga maydonda bo‘lganini keyinroq bildi.
Hodisa 6 avgust kuni Maumelle maktabidagi futbol mashg‘uloti vaqtida sodir bo‘lgan. O‘quvchi qizish mashqlaridan keyin shlemi ichida g‘alati harakat sezgan. Shundan so‘ng u bosh kiyimini himoya murabbiyiga ko‘rsatgan.
Shlemning ichki qismi tekshirilganda esa uning qoplamasi ortiga yashiringan taxminan 60 santimetrlik ilon aniqlangan. Keyinroq mutaxassislar bu ilon Arkanzasda uchraydigan zaharli cottonmouth, ya’ni suv mokasini ekanini tasdiqlagan.
Eng hayratlanarlisi, futbolchi ilon shlem ichida ekanini sezguniga qadar uni qariyb bir soat kiyib yurgan. Shunga qaramay, ilon uni chaqmagan. Maumelle hayvonlarni nazorat qilish xizmati direktori Kris Devis futbolchining chaqilishdan omon qolganini katta omad deb baholagan.
Ilonni shlemdan chiqarish ham oson kechmagan. U ichki qoplama orasiga joylashib olgani uchun mutaxassislar uni chiqarish maqsadida shlemga suv quyishga majbur bo‘lgan. Shundan keyin ilon ehtiyotkorlik bilan olib chiqilib, hayvonlarni nazorat qilish xizmati xodimlariga topshirilgan.
Keyin ilon maktab hududidan uzoqroqdagi o‘rmonzorga olib borilib, tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborilgan. Futbolchi esa boshqa shlemni kiyib, mashg‘ulotni davom ettirgan.






























Izohlar 0
…