Bo‘rilardan himoya uchun «qo‘y zirhi»: Nega fermerlar norozi bo‘ldi? (video)

Avstriyalik ixtirochi Rudolf Shaubax bo‘rilar hujumidan himoya qilish uchun qo‘ylar tanasiga taqiladigan, o‘tkir tikanli yengil plastik to‘r-sovut prototipini yaratdi. Ixtirochi zirh bo‘ri tishlaganda og‘riq berib, yirtqichni qayta hujum qilishdan qaytaradi deb hisoblaydi.
Yevropada bo‘rilar populyatsiyasining ortishi va ularning chorva mollariga hujumi ko‘payishi ortidan avstriyalik ixtirochi Rudolf Shaubax (Rudolf Schaubach) kutilmagan va noodatiy yechimni taklif etdi. Fillax shahrida yashovchi mutaxassis uch yillik mehnat mahsuli sifatida qo‘ylarni bo‘ri tishlashidan himoya qiluvchi maxsus «zini/sovut» prototipini yaratdi.
Biroq, ixtirochi tomonidan Alp tog‘laridagi fermalarda sinovdan o‘tkazilgan ushbu «sovut» chorvadorlar va soha mutaxassislari o‘rtasida keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
«Bir marta tishlagan bo‘ri qaytib hujum qilmaydi»: Ixtironing mohiyati nimada?
Rudolf Shaubaxning g‘oyasi juda oddiy: hayvonga ortiqcha og‘irlik qilmaydigan va erkin harakatlanishga xalaqit bermaydigan, o‘tkir tikanlar bilan qoplangan yengil plastik to‘r-sovut yaratish. Ixtirochining ta’kidlashicha, bo‘ri bunday zirhni tishlaganida kuchli og‘riq his qiladi va qayta hujum qilish fikridan voz kechadi.
«Bo‘ri o‘ta aqlli va farosatli yirtqich. Agar u birinchi urinishdayoq tikanli plastikka duch kelib, og‘riq olsa, qo‘yni ikkinchi marta tishlashga harakat qiladi deb o‘ylamayman», — dedi avstriyalik ixtirochi mahalliy OAVga bergan intervyusida.
Fermerlar va ekspertlar shubhada: «Amaliy emas va xavfli!»
Ixtirochining optimistik qarashlariga qaramay, chorvadorlar va qishloq xo‘jaligi tashkilotlari bu g‘oyani keskin rad etishmoqda. Ularning fikricha, bunday sovutlar moliyaviy jihatdan ham, hayvonlar xavfsizligi nuqtayi nazaridan ham mutlaqo samarasizdir.
Hayvonlar sog‘lig‘iga tahdid: Taxminan 1000 ta qo‘yga egalik qiluvchi fermer Rene Kryugerning ta’kidlashicha, qo‘y juni vaqt o‘tishi bilan plastik to‘rga o‘ralashib qoladi va bu hayvonga azob beradi. Qolaversa, bo‘rilar aqlli yirtqich sifatida taktikasini o‘zgartirib, himoya qilinmagan oyoq yoki bosh qismiga hujum qilishi mumkin.
Iqtisodiy jihatdan foydasiz: Quyi Saksoniya qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish assotsiatsiyasi vakili Jina Strampning bildirishicha, yuzlab yoki minglab qo‘ylardan iborat suruvni yakkama-yakka plastik to‘rga kiyintirib chiqish moliyaviy va jismoniy jihatdan mutlaqo imkonsiz.
Ixtirochi tanqidlarga qanday javob berdi?
Rudolf Shaubax o‘z sha’niga aytilayotgan tanqidlarni rad etib, odamlar uning loyihasini real sinab ko‘rmasdan, faqat fotosuratlarga qarab baho berishayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, sinov jarayonida bir necha kun davomida to‘rni taqib yurgan qo‘y hech qanday muammosiz oziqlangan va erkin harakatlangan.
Shunga qaramay, Avstriyadagi kuchli e’tirozlar va janjallar sababli Shaubax mahalliy sinovlarni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Hozirda u o‘z «qo‘y sovuti»ni boshqa mamlakatlarda sinovdan o‘tkazish imkoniyatlarini izlamoqda.
Fikringizni izohda qoldiring va maqolani tanishlaringizga Telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali ulashing.































Izohlar 0
…