Olimlar yulduzga o‘xshash sirli qora tuynukni aniqladi

Astronomlar yulduz singari nur taratadigan, biroq qora tuynuklarga xos energiya ajratadigan MoM-BH-1 kosmik obyektini aniqladi. Butun Quyosh tizimi hajmiga teng bu obyekt Kit yulduzi turkumida, Yerdan milliardlab yorug'lik yili uzoqlikda joylashgan va Katta portlashdan taxminan 660 million yil o'tib shakllangan.
Astronomlar yulduz singari nur taratadigan, biroq energiyasi qora tuynuklarga xos bo‘lgan g‘ayrioddiy kosmik obyektni aniqladi. “Qora tuynuk yulduzi” deb atalgan mazkur obyekt butun Quyosh tizimi hajmiga teng bo‘lib, Yerdan milliardlab yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan. Bu haqda xalqaro olimlar guruhining “Nature” jurnalida chop etilgan tadqiqotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, olimlar ushbu sirli obyektni NASA'ning “James Webb” kosmik teleskopi orqali olingan, Koinotning ilk davrlariga oid tasvirlarni o‘rganish jarayonida aniqlagan. MoM-BH-1* deb nomlangan obyekt Kit yulduzi turkumida joylashgan. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, u Katta portlashdan taxminan 660 million yil o‘tib shakllangan.
Tadqiqotchilar dastlab obyektni ulkan qizil yulduz sifatida qabul qilgan. Biroq uning energiya ajratish ko‘rsatkichlari bu taxminga mos kelmagan. Hisob-kitoblar obyekt ma’lum bo‘lgan har qanday yulduzdan 100 milliard marta ko‘proq energiya ajratayotganini ko‘rsatgan. Bu esa uning qora tuynuklarga xos xususiyatlarga ega ekanidan dalolat bergan.
“Biz astrofizik obyektning yangi turi — qora tuynuk yulduzini aniqladik”, — degan Massachusets texnologiya instituti qoshidagi Kavli astrofizika va kosmik tadqiqotlar instituti olimi Rohan Naydu.
Uning ta’kidlashicha, obyekt “odatda qora tuynuklar bilan bog‘liq bo‘lgan energiya bilan yoritiladi, bir vaqtning o‘zida esa klassik yulduzlarga xos belgilarni ham namoyon qiladi”.

Kompyuter modellashtirish natijalari esa obyekt yadroviy sintez orqali energiya ishlab chiqaradigan ulkan yulduz emasligini ko‘rsatgan. Olimlarning taxminiga ko‘ra, MoM-BH-1 zich gaz qatlamlari bilan o‘ralgan qora tuynuk* bo‘lib, mazkur gaz uning nurlanishini oddiy yulduznikiga o‘xshatib ko‘rsatmoqda.
Tadqiqotchilar MoM-BH*-1 nuri deyarli to‘liq qizil ekanini va ma’lum bir to‘lqin uzunligidan keyin keskin yo‘qolishini ham qayd etgan. Nayduning aytishicha, ushbu xususiyatni hozirgacha ma’lum bo‘lgan boshqa kosmik obyektlar bilan taqqoslash ancha qiyin.
Astronomlarning fikricha, agar tadqiqot natijalari keyingi kuzatuvlar orqali tasdiqlansa, “James Webb” teleskopi tasvirlarida aniqlangan boshqa ko‘plab sirli “Kichik qizil nuqtalar” ham qora tuynuk yulduzlari bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotchilar bunday obyektlar galaktikalar evolyutsiyasida muhim o‘rin tutgan bo‘lishi ehtimolini bildirmoqda. Xususan, ular bugungi kunda galaktikalar markazida mavjud bo‘lgan o‘ta ulkan qora tuynuklarning dastlabki shakllari bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Rohan Nayduning so‘zlariga ko‘ra, “qora tuynuk yulduzlari” deyarli har bir o‘ta ulkan qora tuynukning shakllanishidagi ilk bosqich bo‘lishi, shuningdek, yulduzlar paydo bo‘lishi va galaktikalarning keyingi rivojlanishiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.






























Izohlar 0
…