Tojikistonda folbinlar va sehrgarlar maxsus nazoratga olinadi

Tojikistonda folbinlik, sehr-jodu, xurofot va fuqarolarni aldash bilan bog‘liq faoliyatlarga qarshi nazorat kuchaytirilmoqda. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi bunday ishlarga aloqador shaxslarni maxsus ma’lumotlar bazasiga kiritish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Vazirlikning 21 oktyabr kuni e’lon qilgan bayonotiga ko‘ra, ro‘yxatga turli toifadagi shaxslar kiritiladi. Ular orasida folbinlar, sehr-jodu bilan shug‘ullanuvchilar, o‘zini diniy ulamolar sifatida tanishtiruvchi ayrim kishilar ham bor.
Maxsus ro‘yxatga kimlar kiritiladi?
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ma’lumotlar bazasi faqat folbin va sehrgarlar bilan cheklanmaydi. Unga fohishalik bilan bog‘liq faoliyatda ishtirok etuvchi shaxslar, ularning mijozlari va yaqinlari, shuningdek, giyohvand moddalar iste’mol qiluvchilar ham kiritilishi mumkin.
Qayd etilishicha, ro‘yxatga kiritilgan shaxslar tegishli idoralar nazoratida bo‘ladi. Zarur hollarda vakolatli tuzilmalarning so‘roviga asosan ular haqidagi ma’lumotlar ham taqdim etiladi.
Vazirlik fuqarolarga murojaat qildi
Tojikiston Ichki ishlar vazirligi aholini fuqarolarni aldash va xurofotga asoslangan faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Vazirlik bayonotida bunday kishilar bilan aloqalardan uzoq turish fuqarolarning o‘zi va oilasi uchun ham muhim ekani ta’kidlangan.
Mazkur choralar mamlakatda xurofot, firibgarlik va jamiyat uchun zararli deb baholangan faoliyatlarning oldini olishga qaratilgan.






























Izohlar 0
…